Surxondaryo viloyatida sportchi qizlarga milliy an’analarimiz asosida tayyorlangan sport kiyimlari topshirildi.

"/>
O‘zA O`zbek

05.05.2014 16:47 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Sportchi qizlar uchun milliy liboslar

Surxondaryo viloyatida sportchi qizlarga milliy an’analarimiz asosida tayyorlangan sport kiyimlari topshirildi.

Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali hamkorligida shahar va tumanlarda tashkil etilgan marosimlarda davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, sportchi qizlarning ustozlari, ota-onalar, tajribali sportchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘layotir. Surxondaryo viloyatida 2003-2013-yillarda 116 zamonaviy bolalar sporti inshooti va 14 musiqa va san’at maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda sport majmualarida 43 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz sportning 31 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning o‘n mingdan ortig‘i qiz bolalardir.

Sportchi qizlarga milliy an’analarimiz asosida tayyorlangan maxsus liboslarni tantanali topshirish yo‘lga qo‘yilgani ham kelajagimiz vorislarini sportga keng jalb etishga xizmat qilmoqda. Xususan, so‘nggi ikki yilda viloyatda 6-18 yoshdagi 40 mingdan ortiq qiz bolaga ana shunday sport kiyimlari sovg‘a qilindi.

– Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar tufayli sportning badiiy gimnastika, suzish, sinxron suzish, tennis kabi nafis turlari keng ommalashmoqda, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali direktori Faxriddin Abdurasulov. – 2003-yil sportning badiiy gimnastika turi bilan viloyatda atigi yuzdan ziyod qiz muntazam shug‘ullangan bo‘lsa, joriy yilda ularning safi qariyb to‘rt ming nafarga yetdi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi homiyligida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yetti ming 400 nafarga yaqin qizga milliy an’analarimiz asosida tayyorlangan sport liboslari tantanali topshirildi.

– Sportning tennis turi bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi Termiz ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji birinchi kurs o‘quvchisi Go‘zal Asqarova. – Sport mening salomatligimni mustahkamlash barobarida fanlarni chuqur o‘zlashtirishim va qomatim tik bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Termiz shahri va tumanlar markazidagi muhtasham bolalar sporti inshootlarida tashkil etilgan bunday tadbirlar san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiq va sportchi qizlarning qiziqarli musobaqalari bilan yakunlandi.


O‘zA, X.Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat)