O‘zA O`zbek

19.06.2014 13:31 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Romitanlik qizlar – g‘olib

Buxoroda “Mahallaning eng orasta qizlari” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasidagi mazkur ko‘rik-tanlov Buxoro viloyati hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyat hayotidagi roli va mavqeini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yurtimizda qizlarni o‘n ikki yillik uzluksiz ta’limga to‘la qamrab olish, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning huquqiy, tibbiy, ekologik madaniyatini yuksaltirishga oid ibratli chora-tadbirlar millatimiz genofondini yanada sog‘lomlashtirish, hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni kamolga yetkazishdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan tanlovda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kollejlar o‘quvchilaridan saralangan shahar va tumanlar terma jamoalari ishtirok etdi.

Jamoalar tomonidan “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, “O‘zbekistonda joriy qilingan 12-yillik ta’lim samaralari”, “Ommaviy madaniyat” mafkuraviy tahdidi – millat ma’naviyati kushandasi” kabi mavzularda namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Romitan tumani qizlari jamoasi birinchi o‘rinni egallab, «Mahallaning eng orasta qizlari» respublika forumida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi.


O‘zA, E.Yodgorov