Poytaxtimizdagi 38-bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportchi qizlarga milliy va zamonaviy uslublar asosida tayyorlangan sport kiyimlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

"/>
O‘zA O`zbek

06.05.2014 20:21 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Qizlar uchun sifatli sport liboslari

Poytaxtimizdagi 38-bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportchi qizlarga milliy va zamonaviy uslublar asosida tayyorlangan sport kiyimlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari A.Bobonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda davr talabiga mos zamonaviy sport inshootlari, musiqa va san’at maktablari qurish, mavjudlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samaralarini bermoqda. Bugun yurtimizning turli hududlarida barpo etilgan muhtasham sport majmualarida o‘g‘il-qizlarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Birgina 2013-yilda Toshkent shahrida ikkita bolalar sport majmuasi, ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabi, bitta suzish havzasi hamda beshta bolalar musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda mavjud sport majmualarida 184 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz sport mashg‘ulotlariga jalb etilgan. Ularning 78 ming nafardan ortig‘i qizlardir.

Bu boradagi ezgu ishlar Sog‘lom bola yilida ham izchil davom ettirilmoqda. Qizlar uchun yuqori sifatli, milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unlashgan sport kiyimlari tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan poytaxtimizdagi 11 ming 300 nafar qizga ana shunday sport kiyimlari topshirildi.

– Ko‘rkam sport liboslarining taqdim etilishi Prezidentimiz tomonidan qizlarni sportga keng jalb etish, ularning har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir, – deydi Yakkasaroy tumanidagi 13-ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi uslubchisi Maqsuda Xalilova. – Bu liboslar farzandlarimizning sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning tavsiyasi asosida tayyorlangan bu liboslar yuqori sifatli, yurtimiz iqlim sharoitiga mos va qulayligi bilan ajralib turadi.

– Biz, sportchilarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz, – deydi sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempioni Turdixon Islomova. – Bunday yuksak e’tiborga javoban kelgusida nufuzli musobaqalarda yanada yuqori natijalarga erishish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Tadbirda sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Yosh ijrochilarning konsert dasturi barchaga xushnudlik bag‘ishladi.


O‘zA, Bayram Aytmurodov, Sarvar O'rmonov (surat)