Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Mahallaning eng orasta qizlari” respublika forumi tashkil etildi.

"/>
O‘zA O`zbek

20.06.2014 13:10 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Orasta qizlar – mahalla ko‘rki

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Mahallaning eng orasta qizlari” respublika forumi tashkil etildi.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilgan ushbu anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, o‘qituvchilar, shifokorlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarning yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi, hayotda munosib o‘rinni egallashi masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda qizlarni 12-yillik uzluksiz ta’lim bilan qamrab olish, ularning salomatligi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb-hunar egallashi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida izchil tizim yaratilgani o‘zining yuksak samarasini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qizlarni sog‘lom tarbiyalash, ularga chuqur bilim berish, iste’dodi va ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga oid sa’y-harakatlar ko‘lamini tobora kengaytirmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatida yoshlar, ayniqsa, o‘smir qizlar tarbiyasini to‘g‘ri shakllantirish, ularning qalbi va ongida Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini qaror toptirish, salomatligini asrash, jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish muhim o‘rin egallaydi. Tashkilot tomonidan o‘tkazilayotgan ijtimoiy loyihalar yoshlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, qizlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni turli mafkuraviy tahdidlardan ishonchli tarzda himoyalash, talabalar turar-joylarining obodligini ta’minlash, ta’lim maskanlaridagi o‘quvchilar davomatini muntazam tahlil etish, oila, mahalla, o‘quv muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2013-yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Mahalla» xayriya jamoat fondi tomonidan yurtimizdagi barcha mahallalarda «Orasta qizlar davrasi» to‘garaklari tashkil etildi. Ushbu to‘garaklarning asosiy maqsadi mahalla qizlarida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘z xonadoni, mahallasi, atrof-muhit tozaligiga e’tiborni kuchaytirish, ekologik va tibbiy madaniyatni yuksaltirishdan iborat. Yoshlar o‘rtasida balog‘atga yetmasdan turmush qurishning oldini olish, yoshlarga oilaning muqaddasligi, psixologik munosabatlar haqida keng tushuncha berishdir.

«Orasta qizlar davrasi»ga mahallaning har bir ko‘chasi, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan qizlar qamrab olingani e’tiborga molik. Bugungi kunda mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qilayotgan to‘garaklar faoliyatini samarali yuritishda oila shifokorlari, hududdagi maktab, kollej va litseylar pedagog va psixologlari, katta hayot tajribasiga hamda yoshlar bilan ishlash mahoratiga ega onaxonlar yaqindan yordam bermoqda.

«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturida ushbu jamoat tuzilmalari ishini yanada jonlantirish, yoshlar ongiga milliy qadriyatlarimizni chuqur singdirish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. «Orasta qizlar davrasi» ko‘rik-tanlovlarida mamlakatimiz bo‘yicha ellik ming nafardan ortiq qiz qatnashdi. Har bir tuman, shahardan bir nafardan ishtirokchi tanlab olinib, muayyan hudud jamoasi shakllantirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahallalari qizlaridan tashkil topgan 14 jamoa o‘rtasida tashkil etilgan «Mahallaning eng orasta qizlari» respublika forumi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda mahallalarning faol qizlari imkoniyati va salohiyatidan, yoshlar bilan ishlashda «tengdosh – tengdoshga» tamoyilidan unumli foydalanish, o‘quvchi-qizlarning qobiliyatini to‘liq namoyon etishi uchun yetarli sharoit yaratishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Forumda jamoalar Vatan, oila muqaddasligi, salomatlik va gigiyena, yurtimizda joriy etilgan 12-yillik ta’lim tizimining samaradorligi, muomala madaniyati, oila odobi, xonadonlar obodligi, milliy an’ana va qadriyatlarimizning mazmun-mohiyati haqidagi bilimlarini namoyish etdi. Ayni paytda ularning yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta turmush qurishning oldini olish, odam savdosining og‘ir oqibatlari, «ommaviy madaniyat», mafkuraviy tahdidlarga oid bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilar sahna ko‘rinishi, videolavha, badiiy ijro, rasm va plakatlar vositasida muayyan mavzuni ochib berdi.

Forumda ishtirok etgan jamoalarning ijtimoiy hayot, huquq va tibbiyot sohalaridagi bilimlari, mahallalarda olib borayotgan ishlari, yoshlar bilan ishlashdagi faolligiga alohida e’tibor qaratildi.

G‘olib va sovrindorlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.


O‘zA, Nazokat Usmonova, Sarvar O'rmonov (surat)