Samarqand shahrida Vatanimiz mustaqilligining 22-yilligi munosabati bilan ayollar o‘rtasida o‘tkazilayotgan sport festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

"/>
O‘zA O`zbek

16.08.2013 14:43 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Maydonda – sportchi xotin-qizlar

Samarqand shahrida Vatanimiz mustaqilligining 22-yilligi munosabati bilan ayollar o‘rtasida o‘tkazilayotgan sport festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida “Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan sport bayramida festivalning shahar va tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 jamoa ishtirok etdi.

– Tibbiyot xodimi bo‘lganim uchun sportning inson salomatligida qanchalik muhim o‘rin tutishini yaxshi bilaman, – deydi Narpay tumani tibbiyot birlashmasi hamshirasi, voleybol jamoasi a’zosi Zubayda Qoratoyeva. – Turmush o‘rtog‘im va uch nafar farzandim – barchamiz sport bilan muntazam shug‘ullanamiz. Buning uchun uyimizda zarur sharoit yaratganmiz. Xotin-qizlar ishtirokida bunday festivallarning o‘tkazilishi opa-singillarimiz o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirishga xizmat qiladi.

Festivalda xotin-qizlar sportning voleybol, yengil atletika, stol tennisi, shaxmat, suzish, darts, gimnastrada turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Jomboy tumani vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Samarqand shahri ayollari ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangan bo‘lsa, ishtixonliklar uchinchi o‘rinni egalladi. Tadbirda bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.


O‘zA, G‘.Hasanov, Alisher Isroilov (surat)