O‘zA O`zbek

09.12.2014 17:11 Xotin-qizlarga e'tibor - kelajakka e'tibor

Xotin-qizlar faolligini oshirish yo‘lida

Andijonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, huquqshunos va olima ayollar, jamoat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Ayni kunda viloyatimizda ikki mingdan ziyod ayol tadbirkorlik, 20 ming nafarga yaqini hunarmandlik sohasida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 220 nafari fuqarolar yig‘ini raisi vazifasida ish olib bormoqda. Ushbu raqamlar ham xotin-qizlar jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.

Tadbirda mavzuga oid slaydlar, teleroliklar namoyish etildi, mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Samarali faoliyat olib borayotgan boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotlari yetakchilariga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

F.Ubaydullayev, O‘zA