O‘zA O`zbek

28.09.2017 11:34 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Uchinchi sektorga "Yangiyer", "Qo‘riqtom", “Shirsholi”, "Po‘rsang", "Arboblar", "Achchiqquyi" kabi mahallalar biriktirilgan

Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va joyida hal etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida tumandagi 39 mahalla fuqarolar yig‘ini to‘rt sektorga bo‘linib, hududlarga tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi va soliq inspeksiyasi boshliqlari rahbar etib belgilangan. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish bo‘yicha tasdiqlangan nizomga ko‘ra, to‘rt sektorga aholining eng muhim masala va muammolarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berildi, mas’uliyat va javobgarlik oshirildi.

Har bir sektor bo‘yicha mas’ullar tarkibi, sektorlar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari, muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etilgan. Sektorlar faoliyatida uy-joy, kommunal xizmat, gaz, suv, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar sifati va transport qatnovini yaxshilash, obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kredit olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, bandlik, oila va mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish singari masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Qadamboy Sobirov rahbarligidagi uchinchi sektorga "Yangiyer", "Qo‘riqtom", “Shirsholi”, "Po‘rsang", "Arboblar", "Achchiqquyi" kabi 9 mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Sektor hududida qariyb 4 ming 310 xonadon bo‘lib, 25 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Har bir mahalla, har bir oilani o‘rganish bo‘yicha maxsus jadval ishlab chiqilgan. Sektor tarkibiga jalb etilgan mas’ullar har kuni ana shu jadval asosida oilalarga, korxona-tashkilotlarga, ta’lim va tibbiyot muassasalariga kirmoqda. Aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazib, mavjud muammolarni o‘rganmoqda. Masalalar joyida hal etilib, amaliy yordam ko‘rsatilayotir.

– Hududni har kuni belgilangan reja asosida aylanib chiqaman. Tegishli sektor bo‘yicha tashkil etilgan ichki guruh a’zolari ham muntazam ravishda xonadonlarda, ta’lim muassasalarida bo‘lib, kundalik axborot yetkazib turadi, – deydi Q.Sobirov. – Yangiyer mahallasida joylashgan 33-umumta’lim maktabi juda ayanchli ahvolda edi. O‘quvchilarning bilim olish sharoitini yaxshilash maqsadida tegishli mutasaddilarni jalb qilgan holda, maktab binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, hududdagi kam ta’minlangan 68 oilaga moddiy yordam, 8 muhtoj oilaga dori-darmon vositalari berildi. Aholining iqtisodiy sharoitini yaxshilash maqsadida o‘ndan ortiq tadbirkor faoliyati qayta tiklanib, 20 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bunday samarali tizim faoliyatidan aholi behad xursand.

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi turmush darajasi va hayot sifatini yanada oshirish, turli sohalardagi muammolarni joyida hal etishning zamonaviy va samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani xalqimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Ayniqsa, kam ta’minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga arzon uy-joylar berilayotgani odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.

– Otam I guruh, onam II guruh nogironi, – deydi Shirsholi mahallasida yashovchi Qahramon Abdullayev. – Davlatimiz rahbarining e’tibori bilan yaqinda yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uyga ko‘chib o‘tdik. Uyning boshlang‘ich badali Prezidentimiz tomonidan to‘lab berildi. Bunday g‘amxo‘rlikdan, ayniqsa, ota-onamning ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi. Men ham doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldim.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA