Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.06.2017 15:48 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Odamiylikning oliy mezoni

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholi bilan muloqotning zamonaviy va samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni sifat jihatidan tubdan yaxshilash, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalashga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasi tuman markazida, aholi uchun qulay hududda joylashgan. Bu yerda yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish, ular bilan suhbatlashish, ariza va shikoyatlarni yozish, qayd etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Ona va bola, tibbiyot xonalari ishlab turibdi. Aholidan murojaatlarni qabul qilish, ular bilan suhbatlashish va muammolarga shu yerning o‘zida yechim topish maqsadida hokimlik va boshqa idoralar mas’ul xodimlarining kunlik navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan. Haftaning muayyan kunlarida tuman hokimi, prokurori va boshqa mas’ul rahbarlar fuqarolarni shu yerda qabul qiladi.

– Qabulxona faoliyat boshlaganidan buyon 20-iyunga qadar 430 murojaat qayd etildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Akbar To‘ychiyev. – Ularning 365 tasi yozma, qolgani og‘zaki murojaatlardir. Hozirgacha ularning 105 tasi qanoatlantirildi, 160 tasi bo‘yicha fuqarolarga tushuntirish berildi. Qolgan murojaatlar o‘rganish jarayonida va ular bo‘yicha ham qonunchilikda belgilangan muddatlarda javob qaytarilmoqda.

Murojaatlar tahlili joylarda aholini uy-joy bilan ta’minlash, yer ajratish, moddiy yordam ko‘rsatish, sud-ijro faoliyatiga oid muammolar ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Bankdan kredit ajratilishida yuzaga kelayotgan ovoragarchiliklar bilan bog‘liq shikoyatlar ham ko‘p. Tahlillar natijasi mutasaddi idoralar rahbarlari bilan muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotir. Mahallalarda tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va boshqa rahbarlar bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda aholini o‘ylantirayotgan masalalar joyida hal etilmoqda. Ayni paytga qadar o‘nga yaqin mahallada ana shunday qabullar tashkil etilib, aholining 30 dan ortiq murojaati joyida hal etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarda ham urgutliklarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga yo‘llangan 43 murojaati ko‘rib chiqilib, ijobiy yechimini topdi.

– Turmush o‘rtog‘im farzandimiz uchun aliment to‘lamay qo‘yganidan keyin Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim, – deydi A.Aliqulova. – Ular muammoni qisqa vaqtda bartaraf etib, 10 million 337 ming so‘m mablag‘ni undirib berishdi. Xalq qabulxonasi odamlarning dardini eshitish, og‘irini yengil qilishda eng yaqin ko‘makchi bo‘layotganidan minnatdormiz.

Barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalashga xizmat qilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA