O‘zA O`zbek

06.11.2017 12:51 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

O‘ksik qalblarga quvonch ulashib...

O‘ksik qalblarga quvonch ulashib... Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan xalqimiz mamnun.

Navoiy shahridagi muhtasham “Xursand” to‘yxonasida o‘tkazilgan 45 nafar bolaning sunnat to‘yida bu yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

8.JPG

Xalqimizga xos azaliy qadriyatlarni ulug‘lash, xayrli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan sunnat to‘yida mahalla faollari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

To‘y bolalar karnay-surnay sadolari ostida milliy an’analarimizga xos kutib olindi. Bolajonlarga viloyat hokimligi, homiy tashkilotlarning sovg‘alari, turli mavzulardagi kitoblar to‘plami hamda Xalq banki bo‘limlari tomonidan hisobiga 1 million so‘mdan mablag‘ qo‘yilgan omonat daftarchasi topshirildi. Viloyatdagi 100 nafar imkoniyati cheklangan aholiga nogironlik aravachasi tarqatildi.

9 (2).JPG

– Odamiylik, mehr-muruvvatning cheksiz namunasi faqat bizning xalqimizga xos, deb o‘ylayman, – deydi Zarafshon shahridagi “Shodlik” mehribonlik uyi direktori Zuhra Do‘stova. – Bolaning begonasi bo‘lmaydi, deganlaridek, har bir yoshni tarbiyalash, uning ertasi uchun qayg‘urish xalqimizning ongu shuuriga singib ketgan muqaddas qadriyatdir. Bizning mehribonlik uyida kamol topayotgan 5 nafar murg‘ak qalbning ham sunnat to‘yi zo‘r tantana bilan nishonlandi. E’tibor va g‘amxo‘rlik og‘ushida, ko‘ngli o‘ksimay voyaga yetayotgan farzandlarimiz kelajakda, albatta, Vatanimiz uchun sodiq xizmat qiladigan insonlar bo‘lib ulg‘ayadi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA