O‘zA O`zbek

07.11.2017 10:55 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Muloqotni rivojlantirishda Ombudsmanning roli

Qarshida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda Ombudsmanning roli” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda senatorlar, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida sud-huquq tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytirilgani ta’kidlandi.

– Tadbir Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodilla Normurodov. – Qayd etilganidek, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Konstitutsiyaviy sudga takliflar kiritish, sud majlislarida ishtirok etish va ushbu majlislar chog‘ida ko‘rilayotgan masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etish huquqi berildi. Bu mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Seminarda, shuningdek, Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan davlat va jamoat tashkilotlarining samarali hamkorligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, kam ta’minlangan oilalar va qariyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash, ayollar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

“Ombudsman to‘g‘risidagi qonunchilikni rivojlantirish hamda inson huquqlarini ta’minlash”, “Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonunchilik va davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar rolini kuchaytirish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir doirasida Ombudsmanning viloyat jamoat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jurnalistlar hamda aholi bilan yuzma-yuz muloqoti tashkil etildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA