O‘zA O`zbek

29.06.2017 12:56 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Muloqotlarda muammolarga yechim topilmoqda

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida eng chekka hududlar aholisi alohida e’tiborda” shiori ostida ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalq bilan muloqotning zamonaviy va samarali mexanizmlarini joriy qilish orqali odamlarni o‘ylantirayotgan turli masalalarni, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi ham joylarda aholi bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston tumani “Bekobod” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi. Unda partiya faollari, tumandagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

– Chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholining muammolari, hududlarni rivojlantirish yuzasidan bildirilgan taklif, fikr va mulohazalarni o‘rganish va amaliy ko‘mak berish maqsadida mana shunday uchrashuvlar tashkil etilmoqda, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi R.Kamolov. – Ularda partiya elektorati, tadbirkorlar hamda fermerlar manfaatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish, aholini ish bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar, bank kreditlaridan erkin foydalanish, kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash kabi masalalar o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar belgilanayotir.

Uchrashuvda qishloq hududi ko‘chalarini obodonlashtirish, yo‘llarga asfalt yotqizish, aholini ichimlik suvi, suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, bolalar uchun sport maydonchalari qurish, mahallalarda kutubxonalar tashkil qilish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Mutasaddilar ko‘tarilgan muammolarni hal etish uchun alohida o‘rganish ishlari olib borish zarurligini bildirib, ularning yechimi bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Tadbirda fuqarolar murojaatlari va ularni qiynab kelayotgan ayrim masalalar ijobiy hal etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA