O‘zA O`zbek

16.06.2017 12:41 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Muammolar joyida hal etilmoqda

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan Tomdi tumani “Shiyeli” ovul fuqarolar yig‘inida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuv muammolarni joyida bartaraf etish, aholining bu boradagi shikoyat va murojaatlarini o‘rganishga bag‘ishlandi. Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etilgani muammolarni joyida hal etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi A.Menliqulov, partiya viloyat kengashi raisi Sh.Xolboyev, tuman hokimligi vakillari, tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Partiya tashabbusi bilan “Eng chekka qishloqlar aholisining dardu tashvishi alohida e’tiborda” shiori ostida o‘tkazilgan uchrashuvda shikoyatlarning asosiy qismini yo‘l ta’miri, suv, uy-joy, pensiya ta’minoti, ta’lim tizimi va transport xizmatiga oid murojaatlar tashkil etdi.

“Shiyeli” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Shoniyaz Rustamov Zarafshon shahriga kunlik avtobus qatnovini ko‘paytirish, transportda tashib keltiriladigan toza ichimlik suvi aholi ehtiyoji uchun yetmayotgani bo‘yicha murojaat qildi. Tuman hokimi ichimlik suvi yetkazib berishni ko‘paytirish, namunali transport qatnovini yo‘lga qo‘yishni nazoratga olishini ma’lum qildi. Fuqaroning chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun bankdan kredit olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati ham qondirildi. Keyingi oyda kredit ajratiladigan bo‘ldi.

Quvongul Tursunboyeva nogiron farzandiga shu kunga qadar nogironlik nafaqasi tayinlanmayotganidan shikoyat qildi. Ushbu masala bo‘yicha tuman ichki ishlar bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasiga tegishli topshiriq berildi.

– Bugun ko‘pdan buyon e’tiborsiz qolib kelayotgan muammoga yechim topilganidan xursandman, – deydi Q.Tursunboyeva. – To‘g‘risini aytsam, bu gal ham turli va’dalar eshitib qaytsam kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, olis hududlarda yashayotgan fuqarolarning ham hech bir murojaati e’tibordan chetda qolmayapti. Xalq dardu tashvishini tinglaydigan, og‘irini yengil qilishga ko‘maklashadigan shunday tizim yo‘lga qo‘yilgani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Nuriddin Rahimov, O‘zA