17.10.2017 14:38 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Jinoyatchilik va huquqbuzarlik kamaymoqda

Mamlakatimizda har haftaning payshanbasida o‘tkazilayotgan jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni tadbirlari yuksak samaralar bermoqda.

Namangan viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Rustamjon Do‘stmatov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Avvalo, joriy yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani jamiyatimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar tizimi oldiga ham o‘z faoliyatini davr talabi asosida tubdan o‘zgartirish vazifasini qo‘ydi. Endi bizning ishimizga baho berishda ochilgan jinoyatlar, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soniga qarab emas, balki shunday holatlarning oldini olish, sabab va omillarini oldindan aniqlab, uni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar bosh mezon sifatida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirishda xalq bilan yuzma-yuz muloqot tarzidagi huquqiy targ‘ibot tadbirlari muhim o‘rin tutmoqda. Binobarin, aholi orasida, ta’lim muassasalarida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani bu boradagi sa’y-harakatlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil boshidan boshqarmamiz tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etib kelinayotgan bunday keng ko‘lamli tadbirlarda 9 mingdan ziyod huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etdi.

Har payshanba ertalab soat 8.00 da viloyat hududidagi 48 sektorda mas’ul rahbarlar ishtirokida o‘tkazilayotgan xizmatoldi yo‘riqnomasi tadbirning yuqori saviyada o‘tishini ta’minlamoqda. Yilning o‘tgan davrida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 2 ming 300 dan ziyod “Davomat” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar natijasida dars mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan 976 nafar o‘quvchining barchasi ta’lim muassasalariga qaytarildi. Bu borada o‘ta mas’uliyatsiz bo‘lgan 1176 nafar ota-onaga ma’muriy va 16 ta’lim muassasasi rahbariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgani ko‘pchilikka saboq bo‘lmoqda.

Tadbirlar davomida 455 mingga yaqin xonadon o‘rganildi. O‘rganish natijasida pasport tizimi tartib-qoidalarini buzgan 6 ming 298 nafar fuqaroga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, yolg‘iz yashayotgan qariyalar, muqaddam sudlangan, uzoq muddat yurtimizdan tashqarida bo‘lib qaytgan fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Profilaktika kuni tadbirlarida oilalardagi salbiy ijtimoiy-ma’naviy muhit sabablarini o‘rganish va tegishli choralar belgilash, jamoat joylarida tartib-qoidalarga rioya etilishi, fuqarolar o‘rtasidagi yer va mol-mulkka doir mojarolar, avtotransport vositasidan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish kabi ma’muriy huquqbuzarlik va qoidabuzarliklar profilaktikasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joylarda sayyor sud majlislarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, odamlarda adolatga, davlatga ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotir. O‘tgan davrda 250 dan ziyod sayyor sud majlisi o‘tkazilib, 5 ming 245 hujjat ko‘rib chiqildi va ular asosida qonuniy choralar ko‘rildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalari va mahalla fuqarolar yig‘inlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan 30 mingga yaqin targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi. Ularda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, pasport-viza tizimi, yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, yong‘inlar va mulkiy turdagi jinoyatlarning oldini olish mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.

Targ‘ibot ishlarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, televideniye, radio va davriy nashrlarda 400 dan ziyod chiqish qilindi. Umuman, o‘kazilayotgan bunday tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Viloyatda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan umumiy jinoyatlar 451 taga yoki 12 foizdan ko‘proq kamaygani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Muxtasar aytganda, profilaktika kuni tadbirlarini o‘tkazish mexanizmi tobora takomillashtirib borilayotgani yurtdoshlarimiz ongu tafakkurida, hayotga munosabatida jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA