O‘zA O`zbek

07.06.2017 16:11 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Deputat va senatorlar Pop tumanida aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan bir guruhi Namangan viloyati Pop tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan joriy yilda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari joylarda bo‘lib, hududlarni kompleks rivojlantirish, xalqning turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda, odamlarni qiziqtirayotgan masalalar va mavjud muammolarni o‘rganmoqda, ularning yechimini joyida iloji boricha hal etishga ko‘maklashmoqda.

Deputat va senatorlar uchrashuvlarda aholining turmush tarzi bilan tanishib, har bir mahalla va xonadonning o‘ziga xos ijtimoiy-ma’naviy muhiti, hududga xos yutuq va kamchiliklar, muammmolarni atroflicha tahlil qilgan holda mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan hamkorlikda chora-tadbirlar ko‘rmoqda.

Parlament vakillari Pop tumani qishloq va mahallalarida aholi bilan o‘tkazayotgan yuzma-yuz muloqotlarda odamlar tomonidan asosan ish bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, ta’lim muassasalari, tijorat banklari faoliyati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati kabi bir qator ijtimoiy, iqtisodiy muammolar o‘rtaga tashlanmoqda.

Ishchi guruhi a’zolari har bir murojaatni chuqur o‘rganib tuman va viloyat darajasida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalarni mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirokida o‘rnida hal etish choralarini ko‘rayotir.

Chodak qishlog‘ining Yuqori Xonobod mahallasida yashovchi I.Xoldorovning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Xalq banki tuman bo‘limi tomonidan kredit ajratilmayotgani to‘g‘risidagi murojaati o‘rganilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Qandig‘on mahallasida yashovchi T.Madolimovning yo‘lni ta’mirlash, avtobus harakatini yo‘lga qo‘yish masalasida qilgan murojaati ham qanoatlantirildi. Joriy yilning uchinchi choragida yo‘l ta’mirlanib, avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

– Xalq deputatlari tuman Kengashiga partiyamizdan saylangan deputatlar bilan ikki kun mobaynida Uch uylik, Ultarma, Uyg‘ur, Yangiyer mahallalaridagi 70 dan ziyod xonadonda bo‘lib, 200 dan ortiq fuqaro bilan muloqot o‘tkazdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi a’zosi Shuhrat Yoqubov. – Murojaatlarning oltitasi, ya’ni nogironlik aravachasi olib berish, kasallarga yordam uchun homiylar biriktirish, temir yo‘l qurilganda ko‘chirilgan xonadon egalarining e’tirozi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minoti tizimidagi nosozliklar kabi muammolar joyida hal etildi. Gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlash, bo‘sh turgan binodan maqsadli foydalanish, 2 mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi uchun alohida bino ajratish nazoratga olindi. 40 dan ortiq fuqaroga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, bankning imtiyozli krediti evaziga issiqxonalar qurish, parranda boqish, limon va yong‘oq ekish orqali qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Mamlakat miqyosidagi masalalarni deputat hamda parlament nazorati vositasida hal qilish choralari belgilandi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilayotgan ommaviy uchrashuvlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsadi va ahamiyati haqida atroflicha tushuncha berilmoqda.

O‘rganish yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, mahalliy hokimiyat organlari, faollar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirokida xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama qilinadi.

Akramjon Sattorov, O‘zA