O‘zA O`zbek

29.08.2017 16:38 Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Bayram sovg‘alari ko‘ngillarni tog‘dek ko‘tardi

Bayram sovg‘alari ko‘ngillarni tog‘dek ko‘tardi Andijon shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida jismoniy imkoniyati cheklangan 300 fuqaroga Prezident sovg‘asi – nogironlik aravachasi topshirildi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, keksalar va nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash, muammolarini hal etish, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyatida bugungi kunda turli kasalliklar, jarohat va baxtsiz hodisalar oqibatida nogironlik nafaqasiga chiqqan 51 mingga yaqin katta yoshdagi fuqaro, 9 mingga yaqin bola istiqomat qiladi. Ularni ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming 500 nafar keksa va nogiron yurtimizdagi turli sihatgohlarda dam olib, salomatligini tikladi. 300 nafar nogiron reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida imkoniyati cheklangan fuqarolarning bir guruhiga Prezident sovg‘asi – nogironlik aravachasi topshirilgani ular uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

– O‘g‘lim Murodjon bolalikdan nogiron, yura olmaydi, – deydi Andijon tumani Oqyor mahallasida yashovchi E’zozxon Mavlonova. – Uni davolatish uchun juda ko‘p harakat qildik, afsus, foydasi bo‘lmadi. Yaratganga shukr, taqdir taqozosi bilan shunday ahvolga tushgan fuqarolarini qo‘llab-quvvatlaydigan, turmushini yengillashtirishga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan ozod va obod yurtda yashayapmiz. Mana, bugun Prezidentimiz nomidan o‘g‘lim kabi ko‘plab nogironlarga aravachalar berildi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Buning uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA