Milliy matbuot markazida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan “Yoshlar tarbiyasi, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashida, erta nikoh hamda oilaviy nizolarning oldini olishda mahallaning vazifalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

"/>
O‘zA O`zbek

10.06.2014 17:25 Vatan mahalladan boshlanadi

Yoshlar tarbiyasi va mahalla

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan “Yoshlar tarbiyasi, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashida, erta nikoh hamda oilaviy nizolarning oldini olishda mahallaning vazifalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari G.Alimova, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Parpiboyeva, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari H.Mamadaliyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida muntazam tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda. Buning natijasida ota-onalar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan farzandini erta turmushga uzatish yoki uylantirishga oid 270 holat aniqlangan va tushuntirish ishlaridan so‘ng erta nikohlarning oldi olingan.

Fuqarolar yig‘inlari huzuridagi “Ota-onalar universitetlari” tomonidan yosh avlod tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, fiziologik bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlar, ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani bu boradagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xizmat qilmoqda. 2014-yilning birinchi choragida mahallalardagi Yarashtirish komissiyalari tomonidan yuzlab oiladagi notinchliklarga barham berilgani buning ifodasidir.

Mahallalar, o‘rta maxsus va umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun san’at, sport va kasb-hunar to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga imkon yaratmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir tumanlari, Nukus shahri va Andijon viloyatida “Yoshlar ijtimoiy xizmatlari” markazlari tashkil etilib, ularda asosan kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogiron va tug‘ma nuqsoni bor bolalar hamda tarbiyasi og‘ir yoshlar komputer savodxonligi, ingliz tili, musiqa va raqs, to‘quvchilik, pazandalik sirlarini o‘rganmoqda. Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda bolalar musiqa va san’at maktablarida ansambllar tashkil etilib, ularga iqtidorli o‘quvchilar jalb etilgan.

– Kichik korxonalar, hunarmandlik, qandolat sexlari ochish orqali yoshlarning bandligi ta’minlandi, – deydi Zangiota tumani Keles shahridagi “Obodlik” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamida A’zamova. – “Orasta qizlar” to‘garagi mashg‘ulotlarida qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularning tibbiy-gigiyenik, muomala madaniyatini to‘g‘ri shakllantirishga intilyapmiz. Bular oilaviy ajrimlar, erta nikoh, yoshlarni bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirishidek salbiy holatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbirda jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob berdi.


O‘zA, N.Usmonova