– Obodlik har bir kishining o‘zi yashab turgan uyi, mahallasidan boshlanadi, – deydi 80 yoshli Xayriddin Hojibekov.

"/>
O‘zA O`zbek

16.04.2014 15:14 Vatan mahalladan boshlanadi

Obod va ozoda mahallalar

2011-yili poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Yorqin hayot mahallasi hududidagi 12 gektarlik qarovsiz yerda bog‘ barpo etish tashabbusi boshlangan edi. Boqqa hashar yo‘li bilan ekilgan olcha, shaftoli, olma kabi mevali daraxtlar bu yil ilk nishona ko‘rsatdi.

– Ushbu bog‘dan ko‘riladigan foyda mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish, to‘y va marosimlarni o‘tkazishga sarflanadi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komil Xudoyberdiyev. – Joriy yilda hududimizni yanada obodonlashtirish uchun bir yarim ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazdik. Shu bilan birga, ming tupdan ortiq rang-barang gul nihollari parvarishlanmoqda.

– Obodlik har bir kishining o‘zi yashab turgan uyi, mahallasidan boshlanadi, – deydi 80 yoshli Xayriddin Hojibekov. – Odamlar ahil-inoq yashagan joyda orastalik, fayz-baraka bo‘ladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahalla institutini rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yanada boyitish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Buning amaldagi samaralari yurtimizdagi har bir mahalla hududini obodonlashtirish, turar joylarni toza saqlash, yo‘llar va ko‘chalar ozodaligini ta’minlash borasidagi yumushlarda namoyon bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 6-martdagi farmoyishi mazkur sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘layotir. Unga muvofiq mamlakatimizning barcha hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Ayni vaqtda 195 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Sergeli tumanidagi 33 mahallada aholi turar joylari, ko‘chalar, muassasa va tashkilotlar atrofiga 6 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chati, 12 ming tupdan ortiq mavsumiy va ko‘pyillik gul ko‘chati ekildi. 17 mingdan ziyod manzarali daraxtga shakl berilib, oqlandi. Ayni paytda ekilgan har bir ko‘chatning bir tekis o‘sishi nazoratga olingan.

– Obodonlashtirish ishlari tufayli mahallamiz tobora chiroy ochmoqda, – deydi Abdurahmon Jomiy nomidagi mahallada yashovchi Tohir Rahimov. – Yo‘l bo‘ylari ko‘kalamzorlashtirilib, ko‘p qavatli uylar atrofida zamonaviy bolalar maydonchalari qurilayotganidan barcha mamnun. Bu bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, shu asosda salomatligi va ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ko‘p qavatli uylarda ba’zan yo‘laklar qarovsiz qolish hollari kuzatiladi. Ta’kidlash joizki, 8 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mazkur mahalla hududidagi uylar bo‘yalgan, atrofi orasta, liftlarning benuqson ishi ta’minlangan. Shuningdek, qo‘riqlanadigan oltita chiqindixonaning samarali ishlashi doimiy jamoatchilik nazoratida.

Mahallada aholi turmush madaniyatini yuksaltirish borasida ham ibratli ishlar olib borilayotir. Oilalar o‘rtasida tibbiy, huquqiy, ekologik bilimlarni keng targ‘ib qilish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “Namunali uy”, “Namunali yo‘lak” kabi ko‘rik-tanlovlar muntazam o‘tkaziladi.

– Har hafta shanba va yakshanba kunlari aholi hududni obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotir, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilorom Haydarova. – Natijada ko‘chalar va uylar atrofini toza saqlashga erishilmoqda. Isitish va oqova suv tarmoqlari to‘liq ta’mirlandi.

Tumandagi mahallalarda ezgu niyat bilan tomorqasida qo‘shimcha daromad manbai yaratib, o‘g‘il-qizlariga dehqonchilik sirlarini o‘rgatayotgan, halol mehnati bilan farovon hayot kechirayotgan oilalar ko‘p.

– To‘qqiz sotix yerda issiqxona barpo etib, pomidor, bodring, gul ko‘chatlari parvarishlamoqdamiz, – deydi No‘g‘ay qo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi Abduvali Azizov. – Mavsumda 10 ming donadan ziyod gul ko‘chatini buyurtma asosida yetkazib berdik. Tez orada sabzavotlarni sotuvga chiqaramiz.

Darhaqiqat, mazkur mahallada gul o‘stirishga mehr qo‘ygan oilalar ko‘plab uchraydi. Masalan, B.Po‘latovlar xonadonidagi bir sotixdan iborat issiqxonada tuvakda o‘sadigan manzarali gullarning ko‘plab turi yetishtiriladi. L.Yormuhamedovlar manzarali gullar bilan birgalikda atirgul ko‘chatlari yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Xalqimizda “Sarishtali uy – farishtali uy” degan naql bor. Ota-bobolarimiz azaldan o‘z yurtini obod qilish, hovlisini, mahallasini toza saqlashdek ezgu ishga alohida e’tibor qaratgan. Zero, tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, ahillik bo‘lgan joydan fayzu baraka arimaydi. Odamlar bugunidan ma’no topib, ertangi kuniga ishonch bilan yashaydi.


O‘zA, Sayyora Shoyeva, Otabek Mirsoatov (surat)