Andijonda viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida “Maslahatchi – mahalla tayanchi va iftixori” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

"/>
Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.05.2014 16:12 Vatan mahalladan boshlanadi

Maslahatchi – mahalla tayanchi

Andijonda viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida “Maslahatchi – mahalla tayanchi va iftixori” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tuman, shahar hokimlari o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat boshqaruvidagi roli, vakolati va mas’uliyatini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda joylarda muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal etish, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishda mahallaning ta’siri va ahamiyati ortib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida mahallalarda diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi aholi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarni yechish, ijtimoiy sohalarning hayotimizdagi ta’siri va ahamiyatini oshirish, joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘ldi.

Maslahatchilar oilalar mustahkamligi, yoshlar tarbiyasi kabi muhim masalalar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Bunda ularning siyosiy-ijtimoiy, huquqiy bilimi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi, jamoatchilik bilan ishlashdagi hayotiy tajribasi qo‘l kelmoqda.

– Fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, xususan, “Maslahatchi maktabi” tuzilmasi faoliyati mahalla hayotida muhim rol o‘ynamoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Bugun viloyatda 868 nafar maslahatchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yetarli bilim va tajribaga ega, el-yurt hurmatini qozongan, o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ana shu fidoyi ayollar tomonidan mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligi, oilalar mustahkamligini ta’minlash, yosh avlod tarbiyasi borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samaralarini bermoqda. Xususan, keyingi yillarda mahallalarda voyaga yetmaganlar, ayollar o‘rtasida jinoyat sodir etish, huquqbuzarlik holatlari keskin kamaydi.

Anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqoridagi masalalar, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi. Namunali faoliyat olib borayotgan bir guruh maslahatchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.


O‘zA, F.Ubaydullayev