O‘zA O`zbek

14.04.2014 17:30 Vatan mahalladan boshlanadi

Mahalladan boshlanar Vatan

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatrida mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, hayotimizga turli yot g‘oyalar kirib kelishining oldini olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, mahalla maslahatchilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, aholi farovonligini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdek aniq manzilli tadbirlarni amalga oshirishda mahallaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahalla institutini rivojlantirish, uning vakolatlari doirasini kengaytirish va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-fevraldagi yig‘ilishi bayonnomasi bilan tasdiqlangan “2014-yilda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi” bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Viloyatda 868 mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Ikromiddin Valiyev. – Oilalarda hamjihatlikni mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi tadbir ham ishtirokchilarga mavzu doirasidagi ishlarni tashkil etish va mahallalardagi ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Tadbirda diniy ekstremizm va missionerlikka qarshi kurash, milliy va diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yoshlar tarbiyasi, turmushimizda yuzaga kelayotgan illatlarning oldini olish masalalariga oid ma’ruzalar tinglandi.

Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.


O‘zA, F.Ubaydullayev