Urganch shahrida “Barkamol avlodni tarbiyalashda mahalla institutining roli” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

"/>
O‘zA O`zbek

26.05.2014 17:14 Vatan mahalladan boshlanadi

Mahalla – yoshlarni tarbiyalash markazi va milliy demokratiya maktabi

Urganch shahrida “Barkamol avlodni tarbiyalashda mahalla institutining roli” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini o‘rganish instituti (Yaponiya) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Germaniya, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Rossiyadan ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, davlat hamda jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati qatnashchilari tomonidan barkamol avlodni tarbiyalashga doir davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha milliy tajriba, mahalla institutini rivojlantirish va mustahkamlashning o‘ziga xos xususiyatlari, yoshlarni tarbiyalashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini yanada oshirish masalasi batafsil muhokama etildi.

Mamlakatimizda bu borada xalqaro me’yorlarga mos mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. O‘zbekistonda MDHda birinchi bo‘lib 1991-yilning noyabrida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unda yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shaxsiy huquq va manfaatlarini himoyalash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ta’lim tizimini zamonaviy standartlar asosida tubdan isloh etish, jumladan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining qabul qilinishi va amalga oshirilishi yoshlarning har tomonlama bilim olishi, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishi, iqtidorini to‘liq ro‘yobga chiqarishi, ularni yetuk shaxslar etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda Onalar va bolalar salomatligini muhofaza etishning milliy modeli shakllangani va uning samaradorligi xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ta’kidladi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda onalar o‘limi 3,1 barobar, go‘daklar o‘limi 3,2 barobarga kamaydi. “Ona va bola skriningi” dasturining amalga oshirilishi natijasida tug‘ma nuqsonli bolalarning dunyoga kelishi 2000-yildan buyon 1,8-marta kamaydi. Bugungi kunda bolalarning 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. “Save the Shildren” xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan o‘nta mamlakat qatoridan joy olgan.

Yoshlarni sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga keng jalb etish barkamol avlodni tarbiyalashning ajralmas tarkibiy qismiga aylangani qayd etildi. Mamlakatimizda sportni bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Nafaqat shaharlar, balki eng chekka tumanlarda ham zamonaviy sport majmualari barpo etildi. 2003-2013-yillarda 1800 dan ziyod sport obyekti ishga tushirildi. Bu bolalarning ommaviy tarzda sport bilan doimiy shug‘ullanishiga va ularning salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda ikki millionga yaqin bola sportning 30 dan ortiq turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yoshlarni sportga yanada keng jalb qilish maqsadida uch bosqichdan iborat “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Davra suhbati qatnashchilari “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu dasturda bolalar tug‘ilishi, ta’lim-tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitni, uning iqtisodiy va ma’naviy-axloqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy soha rivojiga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish bilan bog‘liq barcha masalalar o‘z ifodasini topgan. Ularning fikricha, ushbu vazifalarni oila, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikda samarali hal etish mumkin.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini o‘rganish institutining ijrochi direktori Tetsuji Tanakaning fikricha, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida barkamol avlodni tarbiyalashda mahalla institutining rolini oshirish, huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish, oilalar, birinchi navbatda, yosh oilalarga o‘z vaqtida va manzilli moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovordir. Bu O‘zbekistonda oilani himoyalash, uning farovonligini oshirish va sog‘lom bola tarbiyasini mahallalar ishtirokisiz amalga oshirish mumkin emasligini yana bir bor tasdiqlaydi.

– O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman, shu bois istiqlol yillarida fuqarolik jamiyatining ushbu instituti tubdan takomillashib borayotganining guvohi bo‘lmoqdaman, – dedi T.Tanaka. – Bu boradagi yutuqlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat bilan o‘zaro hamkorlik qilishi va qo‘llab-quvvatlanishining muhimligini yana bir bor isbotlamoqda. Xonqa tumanidagi “Oydin hayot” mahallasida bo‘lganimizda, mahalla ahli va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimlari barcha yo‘nalishlarda bahamjihat mehnat qilayotganliklariga guvoh bo‘ldim. Bugun O‘zbekistonda shunday chiroyli va obod mahallalar borligi, ular fuqarolik jamiyatining muhim va ta’sirchan instituti ekanligi meni lol qoldirdi. Mahalla nafaqat fuqarolik jamiyatining asosi, balki katta demokratiya maktabidir. O‘tgan yili fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov to‘g‘risida takomillashtirilgan qonunchilik asosida mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlariga ko‘ra, aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga sazovor, katta hayotiy tajribaga ega fuqarolar orasidan o‘n mingga yaqin fuqarolar yig‘ini raisi saylandi. Bugun ular yoshlarni demokratiya va qonun ustuvorligi ruhida tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Mahalla millat, jamiyatning ma’naviy va madaniy qadriyatlarini asrab-avaylash va boyitish bilan birga, mamlakatni modernizatsiyalashga ham xizmat qilayotir. Xususan, qadimgi Xorazm qiyofasi, aholi turmush tarzining o‘zgarib borayotgani ham bundan dalolat beradi va biz bunga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Davra suhbatida barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlar ongiga milliy qadriyat va an’analarni singdirish, ularning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga jalb etish, yoshlar, shu jumladan, yosh oilalar muammolarini hal etishda mahallalar alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy norma milliy an’analarimiz va o‘zbek mahallasi tajribasi hisobga olingan holda ishlab chiqilgan hamda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida o‘z ifodasini topgan.

Bugungi kunda qariyb 10 mingta o‘zini o‘zi boshqarish organi fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish, o‘z hududida ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni hal etishga yordam berish, madaniy-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish, davlat dasturlarini hayotga tatbiq etish kabi ko‘plab vazifalarni amalga oshirmoqda.

– 2009-yilda yozilgan ikki ilmiy maqolamda O‘zbekistondagi mahalla institutining ma’no-mohiyatini ochib berishga harakat qildim, – dedi Xanyan universitetining Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari instituti professori Kang Bong Ku (Janubiy Koreya). – Davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni va ijtimoiy sheriklikni ta’minlash mahallaning asosiy vazifasi deb bilaman. Mahalla odamlarning hayotiy muhim masalalarini hal etmoqda. Biz Xorazm viloyatida mahalla qanday ishlayotgani, fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, turli komissiyalarining faoliyati bilan tanishdik. An’anaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va avloddan avlodga yetkazish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ham mahallaning muhim vazifalari sirasiga kiradi. Ayrim rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlarda bunday institutlarning yo‘qligi sababli ushbu masalalar samarali hal etilmayapti. O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ular uchun foydalidir. Mahallada biz o‘ziga ishongan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, o‘zbek xalqining tarixini e’zozlaydigan yigit-qizlar bilan uchrashdik. Ular har tomonlama bilim olib, o‘z Vatanining munosib fuqarolari bo‘lish va uning taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intilmoqda.

“Global ilmiy nashrlar” markazi direktori, Nyu-York davlat universiteti professori Parviz Morvijning (AQSh) ta’kidlashicha, mahalla inson huquqlarini ta’minlashda samarali omil vazifasini o‘tamoqda, davlat boshqaruvining o‘ziga xos modelini ifoda etib, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotir. Buning natijasida jamiyat va shaxs manfaatlarining muvozanatiga erishilmoqda.

– Mening nazarimda, mahalla jamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, aholi tomonidan boshqariladigan haqiqiy demokratiya institutidir. Uning asosiy vazifasi barkamol avlodni tarbiyalash, oilani mustahkamlashdan iborat. O‘zbekistonliklar mahalla instituti bilan haqli ravishda faxrlansa arziydi. Bunday tajribani chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish lozim. O‘zbek xalqi ongi va hayotida inson huquq va erkinliklari qadriyati chuqur o‘rnashganini mahalla misolida ko‘rdik. O‘zbekistonda ijtimoiy sohada oqilona siyosat yuritilmoqda va shu orqali insonning huquqlari to‘laqonli amalga oshirilmoqda. Ushbu ijtimoiy tashabbuslar markazida fuqarolarning qo‘llab-quvvatlanishini kafolatlayotgan mahalla turibdi. Shu nuqtai nazardan, mahalla inson huquqlarining to‘la ro‘yobga chiqishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – dedi amerikalik mutaxassis.

Xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, mahalla to‘g‘risidagi qonunchilikning rivojlantirilishi, jamoatchilik nazorati mexanizmining joriy etilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni taraqqiy ettirish sohasida mahalla vakolatining kengaytirilishi xalq hokimiyatini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida mazkur ijtimoiy institut ishtirokini faollashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardir. Ular mahalla saylov asosida tashkil etiladigan muhim demokratik institut ekanini ta’kidladi. Muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi fuqarolarning huquqiy ongi va siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish borasida haqiqiy demokratiya maktabiga aylandi.

Tadbirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va davlat institutlarining turli jabhalarda, xususan, aholi, yoshlarni ish bilan ta’minlash, manzilli ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorligi ijobiy samara berayotgani ta’kidlandi. “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-oktabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mahallalarda tadbirkorlikning yangi shakllari – oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirishning huquqiy kafolatlari mustahkamlangan va amaliy mexanizmlari yaratilgan.

Davra suhbatida Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyunda qabul qilingan “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yosh avlodni tarbiyalash va bunda mahalla institutining ishtirokini kengaytirishda yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi. Ushbu hujjatga binoan Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” jamoat kengashlari tuzildi.

– O‘zbekistonda oila, mahalla, ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining o‘zaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, – dedi Fransiya Milliy assambleyasi deputati, Milliy assambleyadagi “Fransiya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisining o‘rinbosari Terri Mariani. – Ularning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan joylarda ko‘plab masalalar hal etilmoqda. Bunday tizim o‘zbek xalqining o‘ziga xos xususiyatlari, mentalitetini saqlash, porloq kelajakni yaratishga ko‘maklashadi, deb o‘ylayman. Mahallada yashayotgan insonlarning bir-biriga yordam berishi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, ahil-inoq yashashga intilishi hayratga soldi. Fransiyada mahalla kabi moddiy ko‘makka muhtoj fuqarolarning ahvolini o‘rganadigan, haqiqatan ehtiyojmandlarga manzilli ijtimoiy madad ko‘rsatishda davlatga yordamlashadigan ijtimoiy institut mavjud emas. Bu borada O‘zbekiston tajribasini o‘rganish biz uchun g‘oyat muhimdir.

Mahalla davlatda boshqaruv tizimini rivojlantirish, aholining dolzarb muammolarini hal etishda alohida o‘rin tutadi. Bu davlat va hududiy dasturlarni samarali amalga oshirishga sharoit tug‘dirmoqda, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Mahalla institutini rivojlantirish va uning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar aholi manfaatlariga xizmat qiladi.

Ekspertlarning fikricha, 1992-yil Prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotida mahalla instituti nechog‘li muhim o‘rin tutishining e’tirofidir. O‘tgan yillar mobaynida fond fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda barkamol avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotir, mamlakatimizning barcha hududlarida eng namunali fuqarolar yig‘inlarining ilg‘or tajribasini joriy etish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznes markaziga aylantirishga doir salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Yoshlarni sportga keng jalb qilish, buning uchun zarur sharoit yaratishga alohida ahamiyat berilayotir. Birgina 2013-yilda “Mahalla” xayriya jamoat fondi ko‘magida 900 dan ziyod bolalar maydonchasi kapital ta’mirlandi, 370 dan ortiq yangi maydoncha barpo etildi. Jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha 8 mingdan ziyod ma’rifiy tadbir, 7,6 mingta sport musobaqasi o‘tkazildi.

Mahallalarda “Mahallamiz polvonlari”, “Futbolimiz kelajagi”, “Otam, onam va men – sportchilar oilasi” musobaqalari an’anaviy o‘tkazib kelinmoqda, xalq o‘yinlari qayta tiklanmoqda. Bu yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishga yordam berayotir. Mahallalarda o‘tkazilayotgan sport bellashuvlari samarasida yildan-yilga ko‘plab yigit-qizlar katta sportga yo‘llanma olmoqda, jahon sport maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Tadbir doirasida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi va “O‘zbekistonda mahalla instituti: tarixiy tajriba va zamonaviylik” mavzusidagi hujjatli film namoyish etildi.

Muxtasar aytganda, xalqaro davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari barkamol avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutayotgani haqida yakdil fikrga keldilar. Ular mamlakatimiz yoshlarga tayangan holda o‘z kelajagi haqida g‘amxo‘rlik qilayotgani, zamonaviy fikrlaydigan yangi avlodni xalq vijdoni va milliy demokratiya maktabi sifatida e’tirof etilgan mahalla instituti qadriyatlari ruhida tarbiyalayotganini ta’kidladi.


O‘zA, Sardor Tojiyev, Ahmad Shokirov, Maqsad Habibullayev (surat)