O‘zA O`zbek

05.06.2014 15:20 Vatan mahalladan boshlanadi

Mahalla tadbirkorlari

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi – mahallaning davlat va jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash, ushbu boshqaruv usulining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida ayni paytda mahalla aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylanib bormoqda.

Buni Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi mahallalar misolida ham ko‘rish mumkin.

– Fuqarolar yig‘inlari o‘z hududida tadbirkorlik faoliyati subyektlari, jumladan, sartaroshxonalar, poyabzal ta’mirlash va tikish ustaxonalari, xalq hunarmandchiligi sexlarini va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish huquqiga ega, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Oqdaryo tumani bo‘linmasi raisi Davron Rahmatullayev. – Tadbirkor va hunarmandlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning banklardan kredit olishida kafil bo‘lish ham qonunchilikda mustahkamlangan. Bunday imkoniyatlardan tumanimizda mavjud o‘ttizdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini ham samarali foydalanib, joylarda tadbirkorlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Yangi xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, minitsex va kichik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni paytda mahallalarimizda aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi to‘rt yuzga yaqin shoxobcha, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan 230 dan ziyod ustaxona, 77 tikuvchilik sexi, ellikdan ortiq duradgorlik ustaxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Keyingi yillarda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar ularning mahallalarda turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etishiga turtki bo‘lmoqda. Joriy yilda tumanimizdagi yuzdan ziyod yigit-qiz o‘zlari yashayotgan mahallalarda zamonaviy servis xizmatlari ko‘rsatish nuqtalarini ochish harakatida. Fuqarolar yig‘inlari bu borada ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bunday chora-tadbirlar hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga, xalqimiz turmush farovonligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Po‘latdarxon – tumandagi yirik mahallalardan biri. 4 ming 500 dan ortiq aholi istiqomat qilayotgan hududda yigirmadan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mahallada tikuvchilik yo‘nalishidagi “Ahmad-Zohid”, poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Nist multa fruitstrade”, paypoq tayyorlaydigan “New fornress” korxonalari ham mavjudki, ularda 120 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

– Mahalla hududidagi eski binoni rekonstruksiya qilib, joriy yil boshida faoliyat boshladik, – deydi “Ahmad-Zohid” xususiy korxonasi rahbari Furqat Ahmedov. – Ayni paytda bu yerda sakson nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular tomonidan bir necha turdagi bolalar va kattalar kiyim-kechaklari tayyorlanmoqda. Kelgusida korxona faoliyatini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.


O‘zA, G‘.Hasanov