Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi xodimlari hamda tumandagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

"/>
O‘zA O`zbek

21.04.2014 19:03 Vatan mahalladan boshlanadi

Hududlar rivojida mahallaning o‘rni

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi xodimlari hamda tumandagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, “Mahalla ziyosi” respublika o‘quv-uslubiy markazi hamda fondning viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Xususan, keyingi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ko‘plab vakolatlari mahalla institutiga berilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ham ular asosiy bo‘g‘inga aylanmoqda.

– Paxtachi tumanini 2014-2016-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Shavkat Joniqulov. – Dasturda fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, islohotlar izchilligini ta’minlashda ularning faoliyati samaradorligini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Bu mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy, ma’rifiy bilimini yanada mustahkamlash hamda boshqaruv mahoratini oshirishni taqozo etadi. Mazkur o‘quv seminari ham aynan shu maqsadga qaratilgan.

Seminarda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim hamda 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzalarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi, yangi tahrirdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida fuqarolar yig‘ini va uning kengashi faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, mahallalarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, fuqarolar yig‘inlari qoshidagi komissiyalar ishini samarali yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.


O‘zA, G‘.Hasanov