O‘zA O`zbek

03.07.2014 14:52 Vatan mahalladan boshlanadi

Bir bolaga yetti mahalla ota-ona

Mahalla maslahatchisining kutilmagan tashrifidan er-xotin hayron bo‘lib, bir-biriga qaradi. Salom-alik, hol-ahvol so‘rashganlaridan so‘ng maslahatchi kelishining sababini aytdi:

– Kollejlarni bitirayotgan yigit-qizlar bandligini ta’minlashga doimo katta e’tibor berib kelinayotganidan xabaringiz bor. Ushbu masala bilan bevosita xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari jiddiy shug‘ullanmoqda. Shuning uchun ertalabdan sizlarni bezovta qildim. Qizingiz bu yil kollejni bitirdi. Uni qayerga ishga joylashtiramiz, o‘zining qiziqishi nimada, sizlarning fikringiz qanday? Shularni bilish uchun keldim.

– Avvalo, davlatimizga rahmat, – dedi ota. – Ham o‘qitsa, kasb-hunarli qilsayu yana ish bilan ta’minlashni ham o‘z zimmasiga olsa. Shu masalada kecha kollej o‘qituvchilari bilan suhbatlashdik. Bir nechta joydagi ish o‘rinlari, imkoniyatlar haqida ma’lumot berishdi. Qizim bilan maslahatlashib ko‘rdik. Tikuvchilikka qiziqishi baland. Imtiyozli kreditga tikuv mashinasi olsa bo‘lar ekan, qiz bolaga hunar yaxshi-da...

– Yaxshi, men bu fikringizni tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga yetkazaman, – dedi maslahatchi. – Hujjatlarni tayyorlash, kredit rasmiylashtirishga yordam beramiz.

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi “Obodon” mahallasi xonadonlaridan birida bo‘lib o‘tgan bu suhbatda aytilgan fikrlar bugun amalga oshdi. Lekin shu birgina qiz emas, tumandagi tibbiyot, pedagogika hamda xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejlarini bitiradigan qizlarning barchasi mehnat faoliyatini boshlashi ta’lim muassasasi, fuqarolar yig‘ini va ota-onalar e’tiborida bo‘ldi. Bu masalada har bir jihat hisobga olinib, yakuniy xulosaga kelindi.

– Bitiruvchi qizlar haqida ma’lumotlarni to‘plab, ularning o‘zlari, ota-onalari, o‘qituvchilari bilan bir necha marta suhbatlashdik, – deydi “Obodon” mahalla fuqarolar yig‘ini diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Dehqonova. – Mahallamizdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklarida mavjud ish o‘rinlari hisobini oldik. Ota-onalarga farzandi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishini kafolatlovchi sertifikatlar berildi. Shu tarzda bitiruvchilarimizning aksariyati qishlog‘imizda mehnat faoliyatini boshlaydigan bo‘ldi. Dilbar O‘rinova bilan Gulnoza Shamanova bankdan imtiyozli kredit olib, biri tikuvchilik bilan, ikkinchisi aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqchi. Bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi tufayli kollejlar va ota-onalar, ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlandi. Muhimi, birgalikda ishlasak, yoshlar hayoti bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim topishimiz mumkinligini angladik.

Yurtimizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi, bandlikka oid dasturlarda kollej bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi bugun o‘z samarasini bermoqda. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilmoqda. Ayniqsa, bitiruvchi qizlarni ish bilan ta’minlash uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar ularning ertangi taqdiri, kelajagini belgilab olishlarida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

– Joriy yilda tumanimizdagi oltita kasb-hunar kollejini 1 ming 603 qiz bitirmoqda, – deydi Paxtachi tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zamira Quvonova. – Ularni egallayotgan mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, banklar bilan hamkorlikda ish olib bordik. Har bir kollej va mahallada bitiruvchi qizlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan maxsus daftarlar yuritildi. Bitiruvchilar va ularning ota-onalari bilan bir necha marta suhbat o‘tkazildi. Buning natijasida bitiruvchilarning qayerda ishlashi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi masalasi hal etildi. Jumladan, 259 nafar bitiruvchi banklardan kredit olib, tikuvchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishlarida mustaqil faoliyat yuritish niyatida. Hozir ularning aksariyatiga banklar tomonidan kreditlar ajratildi.

O‘zA, G‘.Hasanov