O‘zA O`zbek

30.11.2017 14:48 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Yuksak salohiyatli askarlar – sarhadlarimiz mustahkamligi garovi

Yuksak salohiyatli askarlar – sarhadlarimiz mustahkamligi garovi Qarshi shahridagi Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism harbiylari zamonaviy sharoitda xizmat vazifasini o‘tash bilan birga, jismoniy va intellektual salohiyatini yuksaltirib bormoqda. Harbiy qismda askarlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardagi faolligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

1.jpg

Qismdagi turli adabiyotlar bilan boyitilgan ma’naviyat xonasi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan komputer xonasi askarlar ixtiyorida. Bundan tashqari, harbiy qism tomonidan bir necha oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik doirasida har hafta juma kuni askarlar belgilangan jadval asosida mazkur o‘quv yurtlarining axborot-resurs markazlarida kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi, ta’lim dargohlaridagi dars jarayoni, talabalar hayoti bilan tanishadi.

Bir guruh harbiy xizmatchilarning Qarshi davlat universiteti axborot-resurs markaziga tashrifi ham ana shu ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilgan tadbirlardan biri bo‘ldi.

– Universitetning kitob fondi juda boy ekan, – deydi oddiy askar Nurali Akbarov. – Istalgan adabiyotni elektron katalogdan bir zumda topish mumkin. Yoshligimdan jahon adabiyotiga qiziqaman. Bugun Aleksandr Dyumaning "If qal’asining mahbusi" asarini o‘qidim. Badiiy asarlar mutolaasi ma’naviy kamolotga eltadi. Ochig‘i, kutubxonalarga kelib, o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini mutolaa qilish yo‘lga qo‘yilgani men kabi adabiyotga qiziquvchi harbiy xizmatchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Bunday tizim ish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar talabalar bilan bir auditoriyada o‘tirib, o‘quv jarayonida ham ishtirok etdi, Konstitutsiyamiz haqidagi ma’ruzalarni tingladi.

– Konstitutsiyani har bir fuqaro puxta bilishi lozim, – deydi katta leytenant Amirulloxon Otaxonov. – Chunki unda fuqarolarning huquq va erkinliklari, burch va majburiyati mustahkamlab qo‘yilgan. Masalan, 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”, deb yozib qo‘yilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunida ham belgilangan. Biz, ofitserlar faoliyatimiz davomida bu kabi normativ hujjatlar ma’no-mazmunini askarlarga kengroq tushuntirib borishimiz lozim. Shu nuqtai nazardan, bugungi uchrashuv askarlar uchun juda foydali bo‘ldi.

Tadbir davomida askarlar universitetda tashkil etilgan Harakatlar strategiyasi xonasida ham bo‘ldi, mutaxassislar bilan muloqot qilib, bu boradagi bilimini mustahkamladi.

3.jpg

– Bugun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi haqida yanada keng tushunchaga ega bo‘ldim, – deydi kichik serjant Faxriddin Hayitov. – Masalan, Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan va unda davlatning mudofaa qudratini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish borasida fikr yuritilgan. Bundan anglashiladiki, biz, harbiylar o‘z vazifamizga yanada mas’uliyat bilan yondashib, nafaqat harbiy salohiyatimizni, balki intellektual qobiliyatimizni ham muttasil oshirib, mamlakatimiz mudofaasini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz lozim. Shundagina Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlagan bo‘lamiz.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA