O‘zA O`zbek

13.01.2017 14:57 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Talabalar jamoalari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti harbiy kafedrasi va sport majmuasida talabalar jamoalari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa Prezidentimizning 2016-yil 20-dekabrdagi Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosi doirasida “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!” shiori ostida o‘tkazildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori A.Marahimov va boshqalar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada oshirish, milliy armiyamizga har tomonlama yetuk yoshlarni jalb etish, ularda mardlik, ishonch tuyg‘ularini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan turli harbiy-sport musobaqalari yoshlarning irodasini mustahkamlash, ularni harbiy xizmatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur bellashuv ham yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini, mardlik, qat’iyatlilik fazilatlarini yanada mustahkamlash, ularni milliy armiyamiz saflarida xizmatga tayyorlash, Vatanimiz tarixini, ajdodlarimizning boy merosi va an’analarini o‘rganishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Bahslarda 11 jamoa qator sport turlari bo‘yicha jismoniy tayyorgarligi, harbiy sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

– Musobaqada harbiy sohaga oid bilim va jismoniy tayyorgarligimizni namoyish etdik, – deydi jurnalistika fakulteti jamoasi a’zosi Jasurbek Ashurov. – Oliy o‘quv yurtimizda biz, yoshlarning zamonaviy ta’lim olishimiz, jismoniy chiniqishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, darsdan bo‘sh vaqtimizni samarali o‘tkazishimiz uchun turli sport musobaqalari muntazam tashkil etilmoqda.

Universitet ijtimoiy fanlar fakultetining «Fidoiylar» jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Matematika fakultetining «Lochin» hamda geologiya va geografiya fakultetining “Burgut” jamoalari keyingi o‘rinlarga munosib ko‘rildi.

Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Konsert dasturi namoyish etildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA