O‘zA O`zbek

13.01.2017 12:03 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Nukus shahrida “Mening akam – harbiy” mavzuida videomuloqot o‘tkazildi

Nukus shahrida “Mening akam – harbiy” mavzuida videomuloqot o‘tkazildi Nukus shahridagi komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Mening akam – harbiy” mavzuida videomuloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan askarlar va ularning ukalari, opa-singillari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Videomuloqotda askarlar o‘z yaqinlari bilan diydorlashdi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan romitanlik Nasim Rahmatov ham bor. U singlisi Malika bilan ekran orqali suhbatlashdi.

– Akam muddatli harbiy xizmatdan kelganida unga havas qilib, men ham armiyaga borishni orzu qilgan edim, – deydi oddiy askar N.Rahmatov. – Orzuimga yetishdim. Bugun Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Singlim bilan videomuloqot orqali suhbatlashib kuchimga kuch qo‘shildi. Biz, harbiy xizmatchilarga shunday keng imkoniyat yaratib bergan tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.

Nukus shahridagi 9-oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi J.Temirxonova Buxoro viloyatida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan ukasi Nursulton bilan diydorlashdi.

– Ukam Buxoro viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tamoqda, – deydi J.Temirxonova. – Uni harbiy libosda ko‘rib, juda havasim keldi. Ukam xizmati haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. Harbiy xizmat ukamning dunyoqarashini o‘zgartiribdi, unda qat’iylik va mas’uliyat hissi ortgani ko‘rinib turibdi.

Tadbirda san’atkorlar ijrosida Vatan, tinchlik va mardlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA