O‘zA O`zbek

18.05.2017 12:20 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Namunali harbiy oilalar

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish muhim o‘rin tutadi. “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining maqsadi ham Vatan himoyachilari oilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Tanlovda saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalari to‘rt shart bo‘yicha bahslashdi. Dastlabki shartda oilalar qo‘shiq, she’r, milliy raqs san’ati orqali o‘zlarini tanishtirdi. Ikkinchi shartda oilaning jamiyatimiz hayotidagi va farzand tarbiyasidagi o‘rniga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarning milliy urf-odat va an’analarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosi, inson manfaatlarini ta’minlash, oila huquqi bo‘yicha bilimi ham sinovdan o‘tkazildi. Oxirgi shartda oila bekalari karving san’ati an’analari asosida ho‘l mevalarni did bilan bezadi.

Oilalarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Oilaning yosh a’zolari sahnada turli ijodiy salohiyatlarini namoyish etdi. Ingliz tilida she’r o‘qidi, qo‘shiq kuyladi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugdan mayor Dilshod Yetmishov oilasi g‘olib, deb topildi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugdan serjant Rahmatilla Eshjonov oilasi ikkinchi va Sharqiy harbiy okrugdan mayor Rustam Oxunov oilasi uchinchi o‘rinni egalladi.

– Oila qancha mustahkam bo‘lsa, jamiyat shuncha yuksalaveradi, – deydi tanlov g‘olibi D.Etmishov. – Mazkur tanlovning an’anaviy o‘tkazilishi oila madaniyati va odobini shakllantirish, milliy urf-odatlarimizni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tanlovda yangi do‘stlar orttirdik, bilim va malakamizni oshirdik. Biz, harbiylar va oila a’zolarimiz uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan barchamiz minnatdormiz.

G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. “Eng pazanda oila” nominatsiyasida mayor Eldorjon Ergashev oilasi, “Aktyorlik mahorati rivojlangan harbiy oila” nominatsiyasida serjant Lutfullo Tangriqulov oilasi va “Eng quvnoq va zukko farzandlar oilasi” nominatsiyasida kichik serjant Ma’rufjon Payg‘amov oilasi rag‘batlantirildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA