O‘zA O`zbek

13.01.2017 15:24 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Chirchiq shahrida harbiy xizmatchilar bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirdi

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Chirchiq shahridagi 14-Mehribonlik uyida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirdi.

Chirchiq garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, Chirchiq shahar hokimligi vakillari, o‘qituvchilar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida shakllantirilgan zamonaviy milliy armiyamiz Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligining ishonchli himoyachisi ekani alohida ta’kidlandi.

Vatan himoyachilari bolalarning harbiylar hayotiga oid ko‘plab savollariga javob berib, o‘zlariga yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida faxr bilan so‘zlab berdi.

– Muassasamizda bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yilgan, – deydi 14-Mehribonlik uyi direktori Farida Kenjayeva. – Bolajonlarimiz har bir tadbirda faol ishtirok etib, badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, turli viktorinalar tashkil etadi. Bugun harbiylikka, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga mehri baland o‘g‘il-qizlarimizning quvonchi bayramga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Bolajonlar ijrosidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA