O‘zA O`zbek

04.10.2017 15:22 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Chegarachilarga uy topshirildi

Chegarachilarga uy topshirildi Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun zamonaviy uy-joylar, yotoqxonalar, zamonaviy tarzda jihozlangan o‘quv maskanlari, sport majmualari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli Qarshi shahridagi harbiy qismning chegara postlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilaridan bir guruhiga topshirilgan xizmat uylari ham ana shu e’tibor samarasidir.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda sohaga aloqador tashkilotlar vakillari, harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari, yaqinlari, “Yosh chegarachilar” klubi a’zolari ishtirok etdi.

9.jpg

Mustaqillik yillarida milliy armiyamiz chinakam taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani, Qurolli Kuchlarimizning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tarzda mustahkamlanib, harbiylar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning harbiylik kasbiga qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi.

– Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini asrashdek mas’uliyatli vazifa zimmamda ekani meni doimo hushyor va sergak bo‘lishga undaydi, – deydi buxorolik kichik serjant Hasan Murodov. – Mana shunday ezgu ishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Bugun hamkasblarim qatorida menga ham xizmat uyi ajratildi. Nasib etsa, bu uyda oila a’zolarimiz bilan baxtli hayot kechiramiz. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Jazirama cho‘l o‘rtasida joylashgan chegara postida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar tahsinga sazovor. Chegara postida kunni kun, tunni tun demay xizmat qilayotgan oddiy askarlar, serjantlar, ofitserlar va ularning oila a’zolari uchun hamma qulayliklar yaratilgan.

Bir paytlar qum barxanlari qoplab yotgan qip-qizil cho‘lu biyobonda shinamgina yashil go‘sha tashkil etilgan. Yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan uy-joylar atrofi obodonlashtirilib, cho‘l havosiga mos manzarali va mevali daraxtlar ekilgan. Bolalar maydonchasi tashkil etilib, turli attraksionlar o‘rnatilgan.

14.jpg

– Harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i bo‘lganimdan faxrlanaman, – deydi surxondaryolik kichik serjant Sherzod Jabborovning ayoli Feruza Jabborova. – Bu uyda farovon yashashimiz uchun hamma sharoit mavjud. Ayniqsa, uy bekalari uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Shaharnikidan sira qolishmaydi. Muhtasham uyda issiq-sovuq suv, elektr jihozlari, isitish moslamalari barcha-barchasi risoladagidek. Cho‘l deyishga tiling bormaydi.

Harbiy orkestr ijrosidagi Vatan, tinchlik va do‘stlikni madh etuvchi mardonavor ruhdagi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

O‘llmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA