O‘zA O`zbek

24.02.2017 12:36 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Askarlar tantanali kutib olindi

Askarlar tantanali kutib olindi Marg‘ilon temir yo‘l vokzalida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlardan bir guruhi tantanali kutib olindi.

Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda professional milliy armiyamizni takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga jalb etishning samarali tizimi yaratilgani tufayli armiyaga eng munosib yigitlar saralab olinib, ular harbiy xizmatni o‘tab qaytganidan so‘ng o‘qish va ishga joylashishda bir qator imtiyozlarga ega bo‘lmoqda.

– Samarqand viloyatidagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tadim, – deydi beshariqlik oddiy askar Nodir Abdurahmonov. – Biz zamonaviy harbiy texnikani puxta o‘rganishimiz, sport bilan shug‘ullanishimiz, siyosiy hamda o‘quv dasturida ko‘zlangan bilimlarni o‘zlashtirishimiz uchun barcha sharoit yaratib berildi. Xizmat so‘nggida qo‘mondonlik tavsiyanomasiga ega bo‘ldim. Maqsadim – oliy o‘quv yurtida tahsil olib, yetuk mutaxassis bo‘lish, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shish.

– Bir-ikki kun ota-onam yonida bo‘lgach, bugun tavsiya qilingan bo‘sh vazifalar orasidan o‘zimga munosibini tanlab ish boshlayman, – deydi zaxiradagi askar Ulug‘bek Anvarjonov.

Tadbirda harbiy xizmatdan qaytgan askarlarga esdalik sovg‘alari, kitoblar to‘plamlari tarqatildi. Viloyat mehnat boshqarmasining bo‘limlari, bo‘sh ish o‘rni taklif qilgan korxonalar haqida ma’lumotlar berildi.

Mahallalar va ta’lim muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlar va ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA