O‘zA O`zbek

13.01.2017 15:27 Vatan himoyasi - muqaddas burch

Askar onalari sharaflandi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.

Buxoro viloyatida harbiy xizmatni o‘tayotgan Bobur Ro‘ziqulov poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘sib-ulg‘aygan. Bobur komandirlari va safdoshlari ishonchini oqlab, barchaning e’tiboriga tushdi. O‘g‘li haqidagi iliq fikrlarni eshitgan ota-onaning quvonchini aytmaysizmi?! Bobur oilada to‘rt o‘g‘ilning ikkinchisi. Sojida opa o‘g‘li Boburning harbiy xizmatda ko‘rsatgan faolligi sabab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25-yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan "Askar onalarini sharaflaymiz" deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga taklif etilganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

Chilonzor tumani hokimligi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘limlari, "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning ota-onalari, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.

Chilonzor tumani hokimining o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Abdurahimova va boshqalar mamlakatimiz suvereniteti va chegaralarimiz daxlsizligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizda harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga barcha sharoit yaratib berilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, bu jarayonda harbiy tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va xalqimiz farovonligini oshirishda yuksak samaralar berayotir.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 20-dekabrdagi farmoyishiga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Chilonzor tumani bo‘limi bosh mutaxassisi Nilufar Abdullayeva. – Bugungi tadbir askar onalarini sharaflashga, bu mo‘tabar zotlarga minnatdorlik bildirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyamiz va harbiy xizmatchilarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda askar onalariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA