Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2012 16:14

SOG‘LOM ONA VA BOLA – SOG‘LOM KELAJAK

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farg‘ona viloyatida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

Keyingi yillarda viloyatdagi 293 qishloq vrachlik punkti va salomatlik maskanlari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Nafaqat shahar va tuman markazlarida, balki chekka hududlardagi qishloq vrachlik punktlarida ham zamon talablari darajasida tashxis qo‘yish, davolash ishlari olib borilayotgani tibbiyot sohasidagi islohotlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir.

– Hududimizda bolalarda uchraydigan bir qator kasalliklar keskin kamaydi, – deydi Toshloq tumanidagi “Nayman” qishloq vrachlik punkti mudiri, oliy toifali shifokor Xadichaxon O‘rmonova. – Qishloq vrachlik punktimiz “Salomatlik-1” loyihasi asosida mukammal jihozlangan. Bugungi kunda hududdagi 9 ming 788 nafar aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz. Shifokorlarimiz xonadonlarda bo‘lib, onalar va bolalar salomatligini doimiy nazorat qilayotir. Kasallik aniqlangan bemorlarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda. Tug‘ish yoshidagi ayollar o‘rtasida kamqonlikning oldini olish, belgilangan tug‘ruq oraliqlarini saqlashning afzalligi, skrining tekshiruvlarining ahamiyati xususida suhbatlar o‘tkazmoqdamiz.

Bu boradagi ishlarni takomillashtirishda Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-iyulda qabul qilingan “Respublikaning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjatga binoan shahar va tumanlarda homilador ayollar salomatligi doimiy ravishda tekshirilib, ularga zarur polivitaminlar o‘z vaqtida bepul yetkazib berilmoqda. O‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklarda aniqlangan kasalliklar o‘z vaqtida davolanmoqda. Natijada keyingi yillarda onalar va bolalar o‘rtasida nogironlik, og‘ir xastaliklar qayd etilmayotir.

– Sog‘lom oilani shakllantirish, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” prinsipini amalga oshirish asosiy vazifalarimizdandir, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shahobiddin Qo‘chqorov. – Shu maqsadda joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 873 ming nafar tug‘ish yoshidagi ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik alomatlari aniqlangan xotin-qizlar sog‘lomlashtirildi.

Shahar va tumanlarda 45 ming 300 nafar homilador ayol tegishli ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi. Joriy yilda respublikamizdagi yetuk mutaxassislar va tajribali shifokorlar tomonidan fertil yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar hamda bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida “Salomatlik” haftaliklari o‘tkazildi. Haftalik davomida viloyatning eng chekka qishloqlaridagi ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha bemorlarni davolash choralari belgilandi. Ayollar va qizlarga “Siz oilaga mas’ulsiz”, “Yoshlarni turmushga tayyorlash” mavzularida buklet-qo‘llanmalar tarqatildi. FHDYo bo‘limlari qoshida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 25 ming 244 nafar nikohlanuvchi yoshlarga tibbiy maslahatlar berildi.

Sog‘lom farzand sog‘lom oilada kamol topadi. Bu hayotiy haqiqatni barchaga tushuntirish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

– Aholining tibbiy savodxonligini oshirish borasidagi ishlar jamoat tashkilotlari bilan hamjihatlikda olib borilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Nilufar Karimova. – Hozirgi kunda oilalarda “Oila tibbiy madaniyati” uy daftarchalari joriy etilgan. Unda oila a’zolarining sog‘lig‘i, shifokorlarning bergan maslahat va tavsiyalari qayd etib boriladi. Shuningdek, ayollar va qizlar uchun “Reproduktiv salomatlik”, “Erta turmush qurish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Sog‘lom nikoh – sog‘lom oila”, “Siz baxtli avlodsiz” kabi mavzularda uchrashuv va davra suhbatlari, o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda. Viloyatdagi barcha fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” haftaliklarida sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga doir suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday ishlar samarasida viloyatda fertil yoshidagi ayollarda kuzatiladigan kasalliklar soni keskin kamayib bormoqda. Chaqaloqlarning turli nuqsonlar bilan tug‘ilishi, onalar va bolalar o‘limi kabi noxush holatlarning oldi olinayotir. Bu, albatta, mamlakatimizda ona va bola salomatligini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlarning amaliy samarasidir.


O‘zA, Ma’sudjon Sulaymonov