O‘zA O`zbek

07.04.2016 15:00 Bolalar sporti

Yuksak e’tibor samarasi

Yuksak e’tibor samarasi Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2003-2015-yillarda Andijon viloyatida 176zamonaviy sport inshooti barpo etildi, mavjudlari ta’mirlandi. Ushbu sport inshootlarining 150 tasi qishloq joylarda qad rostlaganini alohida qayd etish kerak.

– O‘tgan yili viloyatda 13 inshoot, jumladan, 9 umumta’lim maktabining sport zali barpo etildi, 4 bolalar va o‘smirlar sport maktabida rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Andijon viloyati filiali rahbari Ne’matullo Abdurahmonov. – Barchasi 55 turdagi zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlandi. Sportchi qizlarga 394million so‘mlik 13 ming 80 komplekt sport formasi berildi.

Asaka tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabini rekonstruksiya qilish asnosida yopiq suzish havzasi barpo etildi. Tarkibida ma’muriy bino, yechinish, kiyinish va yuvinish xonalari hamda boshqa zarur infratuzilmalar mavjud bo‘lgan majmuaning ishga tushirilishi yana minglab yoshlarning suzish bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratdi. Ulardagi sharoit va imkoniyatlardan nafaqat o‘quvchilar, balki ota-onalar ham xursand.

2015-yilda jamg‘arma viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tuman, shahar va viloyat miqyosida 450 dan ortiq ommaviy sport tadbiri, shuningdek, 28 marotaba respublika sport musobaqasi o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 72 mingga yaqin o‘quvchi qatnashdi. Ularning 34 ming nafari qizlardir. Mashhur sportchilar ishtirokida 70 ga yaqin mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazilgani bolalarning sportga qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Sport bilan shug‘ullanuvchi bolalar safi yil sayin kengayib, erishilayotgan natijalar ham shunga yarasha salmoqli bo‘lmoqda. 2011-yilda viloyatdagi 1400 dan ziyod sport to‘garagida 40 ming bola sport bilan muntazam shug‘ullangan va turli musobaqalarda jami 981 medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan yili 1900 ga yaqin sport to‘garagida 50 mingdan ortiq yosh sport bilan muntazam shug‘ullandi. 600 ga yaqin andijonlik yosh sportchi 1 ming 996 medalga sazovor bo‘ldi.

Keyingi yillarda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi bolalar va o‘smirlar suzish sport maktabi tarbiyalanuvchilari orasidan bir necha mamlakat chempionlari, qator xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqdi.

29 guruh tarkibida 316 nafar bola tahsil olayotgan mazkur maktabda bolalarning suzish bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Andijonda, xususan, maktabimizda suzish sporti bo‘yicha o‘z an’analariga ega tajriba maktabi shakllangan, – deydi bosh murabbiy Rustam Amilov. – Shu bois shogirdlarimiz turli musobaqalarda faqat yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Darhaqiqat, 2015-yilda maktab tarbiyalanuvchilari mamlakat miqyosidagi turnirlar, respublika chempionati va kubogi musobaqalarida 144 oltin, 109 kumush, 70 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shohsanam Toshpo‘latova, Shahnoza Sodiqova, Fotima Amilova, Sobit Amilov, Muslima Odilova, Renata Tuxsinova, Nodira Shamsutdinova, Temur Yazikov, Ibrohim Majidiy, Rustam Teshaboyev singari yosh sportchilar bunga salmoqli hissa qo‘shdilar.

Yaratilayotgan bunday keng sharoit va imkoniyatlar navqiron avlodimizning sog‘lom va durkun unib-o‘sishi, O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini keng namoyon etishida yuksak samaralar bermoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA