O‘zA O`zbek

08.04.2016 16:26 Bolalar sporti

Vazifalar va rejalar muhokamasi

Milliy matbuot markazida bolalar sportini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori E.Iskandarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2002-yil 24-oktabrdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi va 2004-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘g‘il-qizlarda sportga qiziqishni oshirishda joylarda o‘tkaziladigan sport musobaqalarining ahamiyati katta. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim tizimida joriy qilingan uch bosqichli uzluksiz sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Jamg‘armaning mintaqaviy filiallari tomonidan ham turli musobaqalar, sport festivallari muntazam tashkil etilmoqda.

Ana shunday musobaqalarda tajriba va mahoratini oshirgan mamlakatimiz yoshlari xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.

2016-yilda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 251 bolalar sporti inshooti, 18 musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 2004-2015-yillarda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari va umumta’lim maktablari sport zallarini qayta jihozlash bo‘yicha manzilli dasturga kiritilgan 212 sport inshooti va 6892 umumta’lim maktabining sport zallari 28,3 milliard so‘mlik 93 nomdagi sport anjomlari bilan jihozlanadi.

2016-2020-yillarga mo‘ljallangan dastur asosida viloyat markazlari va Toshkent shahrida 14 yangi ixtisoslashtirilgan oliy mahorat sport maktabi, zamonaviy, zarur uskunalar bilan jihozlangan 225 bolalar-o‘smirlar sport maktabi, viloyat markazlarida sportning 4 yo‘nalishi bo‘yicha 56 ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi tashkil etish, barcha dahalarda sport zonalarini (ko‘cha trenajyorlari, basketbol xalqasi, futbol uchun mini maydon) o‘z ichiga oluvchi bolalar maydonchalari qurish rejalashtirilgan.

Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA