O‘zA O`zbek

29.06.2016 12:41 Bolalar sporti

Sport to‘garagiga shoshayotgan bolalar

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabiga borayotganimizda onasi bilan kelayotgan, yelkasiga bejirim sport sumkasi osib olgan qizaloq e’tiborimizni tortdi.

– Oyijon, tezroq yuraylik, mashg‘ulotlarga kech qolmaylik, bugun ustozimiz yangi elementlarni o‘rgatadilar, – deb onasini shoshirdi u.

Mashg‘ulotlarni kuzatdik. Bolalar mashqlarni qunt va ishtiyoq bilan bajarmoqda. Ota-onalar farzandlarining epchil harakatlari, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayayotganidan mamnun bo‘lib, ularga havas bilan qarab turibdi. Boyagi qizning onasini suhbatga tortdik.

– Qizim Muslimani uch yildan beri badiiy gimnastika to‘garagiga olib kelaman, – deydi Nigora Yunusova. – To‘garak bo‘ladigan kuni holi-jonimga qo‘ymaydi, mashg‘ulotga shoshadi. Qizim oltiga kirdi. Bo‘yi-basti yoshiga nisbatan baland, qaddi-qomati to‘g‘ri rivojlanmoqda. Bularni ko‘rib, Prezidentimizning qizlarni sportga jalb etish zarurligi haqidagi gaplari tagida chuqur ma’no borligini tushunib yetdim.

O‘g‘il-qizlar 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabiga doim katta ishtiyoq va qiziqish bilan intiladi. Bu yerdagi futbol, badiiy gimnastika, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, belbog‘li kurash, voleybol, yengil atletika, og‘ir atletika, qo‘l to‘pi, turon yakkakurashi, kamondan o‘q otish seksiyalarida 600 dan ziyod bola muntazam shug‘ullanmoqda.

Maktab zamonaviy sport inshootlari – ochiq futbol maydoni, tennis kortlari, katta sport zali, tibbiyot, yuvinish va kiyim almashtirish xonalari, ma’muriy binoni o‘z ichiga olgan.

Sport to‘garaklari faoliyati qat’iy jadval asosida tashkil etilgan. Har bir guruh murabbiyi haftasiga uch marta mashg‘ulot o‘tkazadi. Mashg‘ulotlar jarayonida bolalar salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.

– Farzandining sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi har bir ota-onaning maqsadi, – deydi badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiya Ma’mura Mansurova. – Bu jarayonda bolalarni yoshligidan sportga oshno etib tarbiyalash muhim ahamiyatga ega. Bolalarning salomatligini mustahkamlash, ularda uchraydigan ayrim nuqson va kamchiliklarni bartaraf etishda sport eng yaxshi vositadir. Misol uchun, bolalarda uchraydigan skolioz – umurtqa pog‘onasi qiyshayishi xastaligining oldini olish va davolashda sportning, ayniqsa, badiiy gimnastika va suzishning o‘rni beqiyos ekani mutaxassislar tomonidan isbotlangan.

Maktabda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar jismonan sog‘lom, ruhan tetik, harakatchan va faol bo‘lib o‘smoqda. Ayniqsa, qizlarning o‘zi sevgan sport mashg‘ulotlarini ishtiyoq bilan bajarayotgani kishining havasini keltiradi. Mazkur maktabda tashkil etilgan badiiy gimnastika, yengil atletika va kamondan o‘q otish to‘garaklariga 200 dan ziyod qiz qatnamoqda.

Murabbiylar shogirdlarining turli sport musobaqalarida qatnashishiga alohida e’tibor qaratadi. Sport maktabi tarbiyalanuvchilari maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi "Umid nihollari", "Otam, onam va men – sportchilar oilasi" kabi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritayotir. Maktabning baydarka va kanoeda eshkak eshish, turon yakkakurashi, belbog‘li kurash seksiyalariga qatnayotgan bolalar tuman, shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda shohsupaning eng yuqori pog‘onalaridan joy egallab kelmoqda.

Nigora opa qizining mashqlarni chaqqon va dadil bajarishini, tengdoshlari bilan musiqaga mos xarakatlar qilayotgani, eng asosiysi, uning sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotganidan quvonadi. Mashg‘ulotlar tugagach, Muslima o‘z taassurotlarini onasiga aytishga shoshiladi:

– Oyijon, bugun men bir oyoqda turib uch marta aylanishni o‘rgandim, – deydi faxrlanib.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA