O‘zA O`zbek

06.01.2017 12:37 Bolalar sporti

Shirin shahrida ikkita sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni barpo etildi

Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahrida ikkita sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda aholining sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, yangi sport inshootlari qurish va mavjudlarini ta’mirlash, bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha qiymati 420 million so‘m bo‘lgan 22x42 va 25x50 hajmli mini-futbol maydonlari qisqa fursatda barpo etildi. “Otabek-BS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur sport majmuasida kiyinish va yuvinish xonalari ham mavjud. Obyektning foydalanishga topshirilishi bilan bir nechta yangi ish o‘rni yaratildi.

– “Mikrokreditbank”ning 167 million so‘m krediti hamda korxonamizning 253 million so‘m mablag‘i evaziga barpo etilgan mini-futbol maydonlari biznes rejamizning dastlabki bosqichidan o‘rin olgan, – deydi "Otabek-BS" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Bobur Xolboyev. – Kelgusida trenajyor zali, ochiq va yopiq suzish havzalari va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etish rejalashtirilgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA