O‘zA O`zbek

13.09.2016 15:47 Bolalar sporti

Poytaxtimizda yangi sport zali barpo etildi

Poytaxtimizda yangi sport zali barpo etildi Poytaxtimizdagi 211-umumta’lim maktabining yangidan bunyod etilgan sport zali foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor yosh avlodning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi, ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan qayta barpo etilgan mazkur sport zalida o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mashg‘ulotlar o‘tkazish, yuvinish, shifokor va murabbiylar xonalari zamonaviy jihozlangan. Sport zali 34 xil sport jihozlari bilan qayta ta’minlandi. Bu yerda yoshlar basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, mini-futbol, stol tennisi, taekvondo (WTF) va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega.

Toshkent shahrida 2003-2015-yillarda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 119 yangi sport inshooti barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.

– Sportning taekvondo (WTF) turiga juda qiziqaman, – deydi maktab o‘quvchisi Behruz Karimov. – Yozgi ta’tildan so‘ng sport zalimizning yangi qiyofasini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdim. Endi yangi sport zalida nafaqat taekvondo, balki futbol va voleybol bilan ham shug‘ullanish niyatidaman. Orzuim mahoratli sportchi bo‘lib, mamlakatimiz sharafini jahon arenalarida yuksaltirishdir.

Javohir Toshxo‘jayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA