O‘zA O`zbek

07.12.2016 12:19 Bolalar sporti

Navoiy viloyatida 2003-2016-yillarda 106 sport inshooti barpo etildi

Mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navoiy viloyatida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2003-2016-yillarda 106 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi va 120 xil anjomlar bilan jihozlandi. Mazkur majmualarning asosiy qismi qishloq joylarida qad rostlagan.

Qiziltepa, Xatirchi, Navbahor tumanlari va Navoiy shahrida sportning voleybol, basketbol, futbol, sport va badiiy gimnastika, kurash turlariga ixtisoslashgan zallar, yopiq suzish havzasi bunyod etildi. Bolalar sportiga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor tufayli sportsevar yoshlar safi tobora kengayib, sport to‘garaklari soni ko‘paymoqda. Jumladan, viloyatdagi sport inshootlarida 4 ming 586 to‘garak tashkil etildi. Ayni paytda ushbu to‘garaklarda 75 mingdan ortiq yoshlar o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 30 mingdan ziyodi qizlardir.

Viloyatdagi 16 bolalar va o‘smirlar sport maktabida 13 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ushbu maktablarda yosh sportchilarni tayyorlash va tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Joriy yil viloyatimiz sportchilari uchun ulkan yutuqlarga boy bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Navoiy viloyati filiali direktori U.Jabborov. – Ayniqsa, bolalar va o‘smirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari bir qator nufuzli sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, mamlakat miqyosidagi chempionatlarda 214 oltin, 327 kumush va 380 bronza, xalqaro musobaqalarda 46 oltin, 37 kumush va 37 bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bularning barchasi mamlakatimizda bolalar sportiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasi sifatida barchamizga g‘urur-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA