O‘zA O`zbek

07.06.2016 15:05 Bolalar sporti

Mezbonlar g‘olib

Gulistonda 11-12 yoshli bolalar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Futbol g‘unchalari” sovrini uchun musobaqa o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridan 12 jamoa g‘oliblik uchun bahslashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularni layoqatiga qarab yo‘naltirish, sport bilan shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2002-yil 24-oktabrdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi va 2004-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Qiziqarli kechgan musobaqa yakunida Sirdaryo viloyati yosh futbolchilari birinchi o‘rinni egalladi. Farg‘onalik sportchilar ikkinchi, Jizzax va Navoiy viloyatlari jamoalari uchinchi bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA