O‘zA O`zbek

26.12.2016 13:00 Bolalar sporti

Men ham bola bo‘lib qolsaydim...

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yuksak samaralari haqida

Ishga borish uchun ko‘chaga chiqdim. Havo sovuq. Qo‘shnimiz Davlat akaning o‘n yoshlardagi o‘g‘li Aziz egniga sport sumkasini osib, qaddini tik tutib kelayapti. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi. Alik olib, qayerga ketayotganini so‘radim.

– Mashg‘ulotga! – dedi.

Ichimda “Erinmagan bola-ya! Shu sovuqda mashg‘ulotga nima bor ekan?”, dedimu, beixtiyor o‘zimning bolaligim yodimga tushdi.

...Orzularga to‘la bolaligim. Sobiq tuzumning so‘nggi nafasi etlarni junjiktirib turgan, xalqning shuuri milt etgan quyosh nurini sog‘inib yurgan saksoninchi yillarning oxirlari edi. U paytlar sport to‘garagi tugul, maktabga borishning o‘zi bir g‘animat edi. Maktab dasturidagi jismoniy tarbiya darsida ikkita g‘ishtni “darvoza” qilib, titilib ketgan to‘pni u yoqdan-bu yoqqa tepib, “futbol” o‘ynaganimizga ham xursand bo‘lardik...

Bugunchi?

Xorijda yashaydigan tanishimizning ho‘v bir yili yurtimizga mehmon bo‘lib kelib, uyimizga bora-borguncha yo‘ldagi zamonaviy, barcha sharoitlarga ega ta’lim muassasalariyu san’at maktablari, sport inshootlariyu suzish havzalarini ko‘rib, hayratlanib aytgan gapi esimda:

– Voy-bo‘y, shuncha sharoit, shuncha imkoniyat-a?! Hammasi bolalar uchun! Ha, O‘zbekiston nafaqat bugunini, balki ertasini ham o‘ylaydigan, kelajak avlodning baxtu kamoli uchun hech narsani ayamaydigan davlat. Bunday mamlakatning kelajagi buyuk bo‘ladi!

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, yosh avlod – buyuk kelajagimiz bunyodkorlariga alohida e’tibor qaratildi, ularni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport sohalarini tubdan isloh etish, yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom kamol topishi, zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘z iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Bu jarayonda barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim va samarali omili bo‘lgan bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yil 24-oktabrdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi va 2004-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur farmonlar ijrosini ta’minlash doirasida o‘tgan yillar davomida mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida zamonaviy, barcha sharoitlarga ega bolalar sporti majmualari, umumta’lim maktablarining sport zallari, suzish havzalari qurilib, mavjudlari qayta rekonstruksiya qilindi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-2016-yillarda 2 ming 474 inshoot, jumladan, 2 ming 173 sport obyekti, 301 bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 118 suzish havzasi qurilib, yoshlar ixtiyoriga topshirilgan. Ular 86 turdagi sport anjomlari va uskunalari bilan ta’minlangan. 120 turdagi sport jihozlaridan 119 tasi yurtimizdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Holbuki, 2003-yilda sport jihozlarining atigi 73 tasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, xolos.

Bu farzandlarimizning jismoniy tarbiya va sportga qiziqishini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, o‘g‘il-qizlarimizni jismonan sog‘lom, ruhan tetik, irodasi mustahkam qilib tarbiyalashda, ularning ongida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, g‘alabaga intilish fazilatlarini tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

– Hozirgi bolalarga havas qilsa arziydi, – deydi poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Tohir Egamqulov. – Bolalar o‘zi qiziqqan sport turi bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit muhayyo. Ularning mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida sport inshootlarida malakali murabbiylar faoliyat olib boradi.

Mazkur muassasada tashkil etilgan o‘n olti sport to‘garagida 750 o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Seksiyalar sport inventarlari va uskunalari bilan to‘liq ta’minlangan. Yoshlarga malakali murabbiylar mahorat sirlarini o‘rgatmoqda. Tarbiyalanuvchilar mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

Yaqinda maktabning yangi, usti yopiq suzish havzasi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy inshootda suzish havzasi, yuvinish, kiyim almashtirish xonalari mavjud. Suvni tozalash, isitish tizimlari, xona haroratining mo‘tadilligini saqlash uskunalarining borligi inshootning ko‘p yillar davomida yosh avlodga xizmat qilishini ta’minlaydi.

– O‘tgan yillarda bolalar sportini rivojlantirish borasida qilingan ishlar natijasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar safi keskin oshib, ularning salomatligi mustahkamlanmoqda, turli musobaqalardagi erishayotgan g‘alabalari salmog‘i ortmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Akmal Bobonov. – 2016-yilda yosh sportchilarimiz Germaniya, Portugaliya, Rossiya, Vetnam, Italiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Tailand, Bolgariya, Gretsiya, Gollandiya, Hindiston, Malayziya, Vengriya kabi davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda 182 oltin, 130 kumush va 121 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Darhaqiqat, sportchilarimizning turli nufuzli musobaqalarda erishayotgan ulkan natijalarining maqtansa arzigulik salmog‘i bor. 2016-yilning o‘zida erishilgan yutuqlarni sanab sanog‘iga yetish qiyin. Qaysi birini aytaylik? O‘zbekiston sportchilarining Braziliyada o‘tgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalarinimi? Yo boks, badiiy gimnastika, dzyudo, erkin va yunon-rum kurashi, og‘ir atletika kabi ko‘plab sport turlaridan qit’a va jahon chempionatlaridagi, nufuzli turnirlardagi qo‘lga kiritgan medallarinimi? Ruslanning dunyoni hayratga solib, Olimpiya rekordini o‘rnatganinimi, Hasanboyning o‘z vaznida tengsiz bo‘lib, Olimpiya cho‘qqisini zabt etganinimi, yo uning Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi bokschisi, deb tan olinganinimi?

Bugun nafaqat shahar, hatto eng chekka tuman va qishloqlarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘z iqtidori va salohiyati bilan dunyo kezmoqda, nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Birgina 2016-yilda yosh og‘ir atletikachilarimiz Gruziya va Malayziyada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida, boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan jahon chempionatida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. O‘zbekistonning yosh shaxmatchilari maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalga sazovor bo‘ldi. Badiiy gimnastikachilarimiz Lyuksemburgda o‘tkazilgan xalqaro turnirda to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi. Bu yosh sportchilarimizning 2016-yil davomida qo‘lga kiritgan yutuqlaridan bir shingil, xolos.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yilni mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan qabul qilinadigan Davlat dasturidan yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi alohida o‘rin egallashini, bu borada yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, yangi-yangi ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yosh oilalar uchun uy-joylar qurish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlangan ishlar yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilishini alohida ta’kidladi: «Biz ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz, deb bilamiz».

Bolalar sportini rivojlantirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilar ekan, farzandlarimizning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, o‘z kuch va salohiyati bilan dunyoni lol qoldirib, O‘zbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotlayverishi shubhasiz!

...Salom-alikdan so‘ng Aziz tez-tez yurib ketdi. Men yozning jaziramasiyu qishning qahratonini pisand qilmay, qalbidagi ezgu orzulari, maqsadlari sari shaxdam odimlayotgan, yuz-ko‘zlaridan qat’iyat, o‘ktamlik va barkamollik ufurib turgan bolakayga havas bilan qaradim: "Qani edi, men ham bola bo‘lib qolsaydim..."

Bayram Aytmurodov, O‘zA