O‘zA O`zbek

09.09.2016 12:31 Bolalar sporti

Jizzaxda yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi

Jizzaxda yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi Jizzax shahrida yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilgan doimiy e’tibor yuksak samaralar bermoqda.

Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufidagi sobiq olimpiya o‘rinbosarlari maktabini ixtisoslashtirilgan sport maktabiga aylantirishda uning bino va inshootlari to‘liq yangilandi. Shu maqsadda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 565 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. “So‘g‘diyona” sport majmuasidagi yakkakurash sport turlariga mo‘ljallangan sport zali ham yangi maktab tasarrufiga o‘tkazildi. Yangi bino va majmuadagi zamonaviy sport zallari, xonalar zarur jihozlar bilan ta’minlandi, muntazam shug‘ullanish uchun barcha qulaylik yaratildi.

Ayni paytda maktabda mingdan ziyod o‘quvchiga oltmishga yaqin mutaxassis belgilangan jadval asosida sport sirlarini o‘rgatmoqda. Endi bu yerda xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati ham mavjud. Joriy yilning o‘tgan davrida maktabda yakkakurash sport turlari bo‘yicha 17-marta mamlakat va viloyat miqyosidagi musobaqalar o‘tkazilgani fikrimiz isbotidir.

– Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi, – deydi maktab rahbari Husan Jonzoqov. – Jamoamiz ushbu g‘amxo‘rlikka javoban inshootlarning quvvatidan to‘liq foydalanib, yoshlarni sportga keng jalb etish, iste’dodini ro‘yobga chiqarishda bor bilim va mahoratini ishga solmoqda. Bu maqsad yo‘lidagi mehnatimiz samarasi o‘quvchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda namoyon bo‘layotir. Jumladan, joriy yilning mart oyida Otabek Xolmatov Rossiyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha xalqaro turnirda birinchi, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Yana bir o‘quvchimiz Jaloliddin O‘ktamov Chimkent shahrida tashkil etilgan xalqaro turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Maktabda o‘quvchilarning mahoratini oshirish maqsadida shahar, viloyat, mamlakat miqyosidagi turnirlarda qatnashish barobarida, yillik taqvim rejasiga asosan guruhlar o‘rtasida saralash musobaqalari muntazam o‘tkaziladi. Joriy yilning o‘tgan davrida sportning boks, taekvondo, o‘zbek jang san’ati kabi turlari bo‘yicha viloyat hamda maktab ochiq birinchiligi o‘tkazildi.

Yakkakurash sport turlariga yoshlarning qiziqishi ortib borayotgani, ta’lim tizimini takomillashtirish talabi moddiy-texnik bazani mustahkamlashni ham uzluksiz jarayonga aylantirmoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, maktabda yakkakurash sport turlariga mo‘ljallangan qo‘shimcha sport inshooti qurilishi boshlandi. Ayni paytda bu yerda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Yangi sport zali maktabning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Toshqul Beknazarov, Sherzod Nazarov (surat), O‘zA