O‘zA O`zbek

28.07.2018 13:54 Bolalar sporti

Futbol akademiyasiga talabgorlar saralandi

Futbol akademiyasiga talabgorlar saralandi
Qoraqalpog‘istonda tashkil qilingan bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasiga talabgorlar tanlab olindi. 
Ayni paytda ushbu akademiyada ta’lim olish istagini bildirgan 1016 talabgor tajribali murabbiylar sinovidan o‘tkazilib, ulardan 338 nafar o‘quvchi saralab olindi.

– Ushbu akademiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 martdagi “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida tashkil qilindi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha qo‘mita raisi G‘ayratbay Bayniyazov. – Muassasada ta’lim bepul va bunda asosan istiqbolli yosh futbolchilarni keyinchalik professional tarzda tayyorlash, futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar, professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsad qilib belgilangan. Avvalgi maktab-internatlarda kim belgilangan to‘lovni amalga oshirsa, shu qabul qilingan. Unda tanlab olish bo‘lmagan. Endi u internatlar faoliyati tugatildi va o‘rniga akademiya tashkil qilindi.
Akademiya o‘quvchilari doimo jismoniy tartibda bo‘ladi va ular mazkur akademiyaga yaqin joydagi umumta’lim maktablariga joylashtiriladi.

Akademiyaga 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar tanlab olinadi. Talabgorlarni joriy yil 10-25 iyul oralig‘ida saralash ishlari o‘tkazildi. Tanlov tartibi birinchi bosqichda faqat futbol o‘ynatib, bolaning texnik qobiliyatiga, fikrlashiga, qiyin vaziyatdan to‘g‘ri yo‘l topib chiqib ketish ko‘nikmalariga e’tibor qaratildi. Ikkinchi bosqichda, normativ metodlar asosida sinov o‘tkazildi.

Yesimxon Qanoatov, O‘zA