O‘zA O`zbek

06.09.2016 16:25 Bolalar sporti

Boyovut tumanida zamonaviy stadion foydalanishga topshirildi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani markazidagi eski stadion qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda zamonaviy sport majmualari barpo etish, ularda turli to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yoshlarni keng jalb etishga qaratilayotgan alohida e’tibor navqiron avlodning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyatini berayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 1 milliard 564 million so‘m mablag‘ sarflangan stadionda barcha sharoit yaratilgan. Qurilish va rekonstruksiya ishlari “Javohir-Farhod hamkor servis” xususiy korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi. Futbol, basketbol, voleybol, gandbol maydonchalari, yugurish yo‘laklari, ming tomoshabinga mo‘ljallangan tribuna, murabbiylar, hakamlar xonalari, kichik trenajyor zali barcha jihozlar bilan ta’minlandi.

– Tubdan qayta rekonstruksiya qilingan stadion maktabimiz tasarrufiga o‘tkazib berildi, – deydi Boyovut tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori R.Xoliqnazarov. – Maktabimizda tarbiyalanayotgan 1 ming 400 ga yaqin yoshlarning sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Maktabga jamg‘armaning 59 xildagi qariyb 75 million so‘mlik sport jihozlari tuhfa etildi. Kelgusida bu yerda 18x42 hajmdagi yopiq sport zali qurish rejalashtirilgan.

A.Qayumov, O‘zA