O‘zA O`zbek

07.07.2016 11:20 Bolalar sporti

Barkamol avlod orzusi

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotir. Buni Surxondaryo viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2003-2015-yillarda viloyatda 163 bolalar sporti inshooti, 17 bolalar musiqa va san’at maktabi barpo etildi va rekonstruksiya qilindi. Ushbu inshootlarning 39 tasi o‘tgan yili qurilib, zamonaviy usulda jihozlandi.

Sportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoit va imkoniyatlar ularning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.

– Sog‘lom ona va bola yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali direktori Faxriddin Abdurasulov. – Buning uchun qariyb 37 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Hech kimdan kam bo‘lmagan yosh avlodni voyaga yetkazish maqsadiga yo‘naltirilgan bu mablag‘ evaziga 39 zamonaviy bolalar sporti inshooti qurilmoqda. Bitta bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etilayotir. Ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabi, bitta bolalar musiqa va san’at maktabi rekonstruksiya qilinmoqda.

Viloyatdagi bolalar sporti inshootlarida 755 sport seksiyasi faoliyat yuritmoqda. Sport obyektlarining kunlik o‘rtacha bandligi 9,8 soatga yetdi. Chekka qishloqlarda ham shaharnikidan qolishmaydigan barcha qulayliklarga ega bolalar sporti inshootlari qad rostlayotgani joylarda ommaviy sport tadbirlari tashkil etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida 1000 dan ortiq musobaqa o‘tkazildi. Bu yoshlar orasidan eng chaqqon va kuchlilarni saralab olish, qo‘llab-quvvatlash va yirik xalqaro musobaqalarga tayyorlab borishda muhim omil bo‘layotir.

Viloyat yoshlari jahonning turli mamlakatlarida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallamoqda. Masalan, o‘tgan yili boysunlik yosh polvon, Toshkent shahar olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Sherxon To‘raboyev dzyudo bo‘yicha Tailandda, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 37-umumta’lim maktabi 5-sinf o‘quvchisi Zuhra Toshboyeva taekvondo (WTF) bo‘yicha Malayziyada o‘tkazilgan musobaqada shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Yaqinda Sariosiyo tumanidan yosh bokschi Bahodir Jalolov boks bo‘yicha Xitoyda bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

– Bizning bolalik davrimizda sport bilan shug‘ullanish uchun bunday sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q edi, – deydi sariosiyolik Ulug‘bek Muhiddinov. – Bugun yurtimizning barcha hududlarida farzandlarimizning o‘zi istagan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Yoshlarimiz bundan unumli foydalanib, qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz dovrug‘ini ulug‘layotganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tariladi. Farzandlarimizning iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA