Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 13:42

“Biznes klub”da yoshlarga tadbirkorlik sir-asrorlari o‘rgatilmoqda

Xorazmda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan “Biznes klub” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bank, soliq, sug‘urta idoralari mutaxassislari hamda tadbirkorlardan iborat targ‘ibot guruhi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiyotimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

“Tadbirkor kim?”, “Kimlar tadbirkor bo‘la oladi?”, “Tadbirkor boshlang‘ich sarmoyani qanday shakllantiradi?”, “Imtiyozli kreditlar kimlarga ajratiladi?”, “Soliq qonunchiligini bilasizmi?” kabi mavzularda tashkil etilgan davra suhbatlarida mutaxassislar yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.

Uchrashuvda tadbirkorlik sohasida yaxshi natijalarga erishayotgan ishbilarmon yoshlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartib-taomillari, yo‘l-yo‘riqlari va o‘z tajribalari haqida so‘zlab berdi.

– Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan bunday tadbirlarda muntazam ishtirok etib, o‘rgangan bilimlarimni amaliyotda qo‘llashga ham ulgurdim, – deydi Shovot tumanidan yosh tadbirkor Mavjuda Safarboyeva. – 2016-yilda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovida qatnashib, tijorat bankidan 40 million so‘m imtiyozli kredit olishga erishdim va o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim. Bugungi tadbirda o‘z tajribalarim haqida tengdoshlarimga gapirib berdim. Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajagimizga mustahkam poydevor yaratish, el-yurtimiz farovonligiga hissa qo‘shish har birimizning farzandlik burchimizdir.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz