Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.03.2017 15:50

Sirdaryoda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar qasamyod qabul qildi

Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, keng jamoatchilik vakillari, harbiylar, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik H.Botirov, O‘zbekiston xalq artisti A.Rafiqov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida tashkil etilgan professional milliy armiyamiz davlatimiz suvereniteti, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ishonchli ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

– O‘g‘lim harbiy libosda qasamyod qilganini ko‘rib, qalbimda faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urdi, – deydi Navoiy viloyati Karmana tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Elyor Jumayevning onasi Gulshan Yo‘ldosheva. – Askarlar uchun harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Farzandlarimiz yigitlik burchini a’lo darajada o‘tashi, ma’naviy va jismoniy chiniqishi uchun yaratib berilgan sharoitlardan ko‘nglimiz to‘q.

– Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli ishga kirishayotganimdan faxrlanaman, – deydi surxondaryolik oddiy askar Abdubotir Mamanorov. – Harbiy qasamyod marosimi hayotimda unutilmas voqea bo‘lib qoladi. Harbiy xizmat davomida menga yuklatilgan barcha topshiriq va vazifalarni sidqidildan bajarib, yigitlik burchimni a’lo darajada o‘tashga, ota-onam, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlashga va’da beraman.

Tadbirda tinchlik, Vatan va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz