Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.03.2017 13:31

Qadriyatlarini ulug‘lagan yurt buyukdir

Tabiat uyg‘onishi, yasharishi va yangilanishini o‘zida mujassam etadigan Navro‘z bayrami odamlarga o‘zgacha kayfiyat va surur bag‘ishlaydi. Buni shu kunlarda yurtimizga kelgan sayyohlar ham e’tirof etmoqda.

Yamada Masamitsu (Yaponiya):

– Men va hamrohlarim O‘zbekiston, jumladan, dunyoga mashhur Buxoro haqida, uning shonli tarixi, boy madaniyati haqida turli kitoblar, matbuot nashrlari orqali ancha ma’lumotga ega edik. Ammo bu yerga kelgach, ko‘rgan va bilganlarimiz o‘qigan va eshitganlarimizdan o‘n chandon ortiq ekaniga guvoh bo‘ldik. Yer yuzida qadimiy shaharlar ko‘p. Ammo Buxoro kabi o‘ziga xos, milliy va asl qiyofasini saqlab kelayotgan ko‘hna markazlar sanoqli.

Safarimiz Navro‘z arafasiga to‘g‘ri kelganidan xursandmiz. Bizda ham bahor boshlanishi shu davrga to‘g‘ri keladi. Sakura gulladimi, bilingki, ko‘klam. Lekin bizda bahor O‘zbekistondagidek nishonlanmaydi. Xalqingiz qadimiy bayramini kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgani har qanday odamni maftun etadi. Hammayoq obod, saranjom-sarishta. Ayniqsa, ko‘chalarda bayramona kiyingan bolakaylarning shodu xurramligini ko‘rib, havasing keladi. Butun dunyo O‘zbekistonday bo‘lsa edi, deb yuborasan beixtiyor. Odamlar bir-birini, tanishmi-notanishmi Navro‘z bilan qutlamoqda. Bunga havas qilmay bo‘ladimi? Axir, yaxshi niyatning o‘zi ezgulik, oliy qadriyat.

O‘zbekiston bilan Yaponiya xalqlari o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p ekan. Bu narsa me’moriy obidalardagi serjilolik, falsafiy mazmundorlik, ayollar libosidagi etnografik yaqinlik, odamlaringizdagi xushfe’llikda namoyon bo‘lib turibdi. Balki shuning uchun ham bir-birimizni anglashimiz oson, deb o‘ylayman.

Li Vidxaus (Buyuk Britaniya):

– O‘zbekistonda bo‘lgan tanishlarim do‘stlariga bu mamlakatda loaqal bir bor bo‘lsa-da, bo‘lishni tavsiya qilishardi. Boisini bu yerga kelgach, tushundim. Toshkentning ozodaligi va ko‘rkamligiga havas qildim. Qadimiy shaharlar, xususan, Buxoroda me’moriy obidalar sehriga maftun bo‘ldim. Ezgulik, mehr-oqibat ayyomi bo‘lgan Navro‘z bayrami O‘zbekistondagi barcha millatlar uchun birday qadrli, umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi ham g‘oyat ibratli qadriyat. O‘z qadriyatlarini ulug‘laydigan bu yurtning kelajagi buyukdir.

Bu yurtda tinchlik-osoyishtalik hukmron. Odamlar ko‘cha-ko‘yda o‘zini bexavotir sezadi. Bugun dunyoda bunday holatni hamma joyda ham ko‘ravermaysiz. Kech oqshomda ham bamaylixotir sayr qilasiz. Sayyohlik rivoji uchun ham bu muhim jihat. Xullas, taassurotlarim bir olam. O‘z yurtimga qaytgach, bular haqida tanishlarimga so‘zlab beraman.

Karlos Silva (Braziliya):


– Men O‘zbekistonda uch yil avval ham bo‘lgandim. Masofa uzoqligiga qaramay yana keldim. Albatta, buning boisi bor. Birinchidan, qadimiy shaharlaringiz, jumladan, Buxoroni sog‘indim. Bu yerdagi betakror obidalar meni va rafiqamni maftun qilgan edi-da. Buxoroda o‘zingizni xuddi sehrli shaharga, ertaklar olamiga tushib qolgandek his etasiz. Bu ajoyib tuyg‘uni dunyoning boshqa biror joyidan topishingiz mushkul.

Yurtingizga kelishimning yana bir boisi, O‘zbekistonda mening yaqin do‘stlarim bor. Janubiy amerikalik keksa kishining bu yerda qanday yaqini bo‘lishi mumkin, deysizmi? Avvalgi safarimni Samarqanddan boshlagan va u yerda bir kishi bilan tanishib qolgan edim. Gurung asnosida u menga O‘zbekiston haqida ko‘p narsalarni gapirib bergandi. Bu insonning suhbati o‘zim mehmoni bo‘lgan yurt tarixi, uning bugungi taraqqiyoti haqidagi qarashlarimni boyitdi. Vatanparvar, xushfe’l bu inson do‘stimga aylandi. U meni Samarqandga taklif qildi. Navro‘z bayramida qatnashaman. Bu hayotimda unutilmas voqea bo‘lishiga ishonaman. Navro‘z bayramingiz muborak bo‘lsin!

Erkin Yodgorov, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz