Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.06.2017 13:04

Istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari qator qonunlar loyihasi, xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Formali kiyimlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlari loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi.

Deputatlar bu boradagi islohotlar samarasini alohida e’tirof etib, mazkur farmonda bandlik sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda haligacha eskirgan ish shakllari va uslublaridan foydalanilayotganiga, mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatish hollari saqlanib qolayotganiga, muhim ijtimoiy masala hisoblangan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishda yuzaki yondashuv holatlari uchrayotganiga e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

– 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarining birinchi marotaba ishga joylashgan bitiruvchilari, agar ular ta’lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, ishga joylashganidan keyin birinchi yil davomida ish haqidan olinadigan daromadlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovning o‘rnatilgan stavkasini 50 foizga, ularning ikkinchi va uchinchi yil davridagi ish faoliyati bo‘yicha 25 foizga kamaytirish belgilandi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zulayho Akromova. – Bu imtiyozning hayotga tatbiq qilinishi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z bilim va mahoratini yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida to‘laqonli safarbar etishga bo‘lgan ichki rag‘batni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz