Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 16:27

Ijodiy izlanishga undayotgan tanlov

Milliy matbuot markazida jurnalistika sohasida XII "Oltin qalam" Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari G.Bobojonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori A.To‘rayev, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori A.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan "Oltin qalam" Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov media soha vakillarining ijodiy izlanishida, tashabbuskorligi oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimizning orzu-umidlariga ko‘makdosh bo‘lish, jamiyat hayotida kechayotgan islohotlarni yangi, yuqori bosqichga olib chiqish borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar ommaviy axborot vositalari xodimlaridan voqelikka chuqur tanqidiy-tahliliy yondashishni talab qilmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Milliy teleradiokompaniya va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan "Oltin qalam" tanlovi soha xodimlarining faol fuqarolik pozitsiyasini yanada kuchaytirish, kasb mahoratini oshirish, o‘z faoliyatida yangicha yondashuvni shakllantirishda muayyan darajada rag‘bat vazifasini o‘tamoqda.

Bu yilgi tanlov ham televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilib, unda bitta bosh mukofot, har bir yo‘nalish bo‘yicha uchtadan mukofot hamda "Eng yaxshi fotoreportaj" va "Eng yaxshi matbuot xizmati" rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari ta’sis etilgan. Bu yil yana ikkita rag‘batlantiruvchi nominatsiya, ya’ni "OAVda kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilingan eng yaxshi material uchun" va "Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun" nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlovni o‘tkazish jarayonida taniqli jurnalist va eskpertlardan iborat hay’at shakllantiriladi.

Tanlov doirasida Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining mukofotlari ta’sis etilgan. An’anaga ko‘ra BMT, YuNESKO, YeXHT, YuSAIDning mamlakatimizdagi vakolatxonalari, Sloveniyaning "Mintaqaviy muloqot", Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasi kabi xalqaro tashkilotlar ham "Oltin qalam" tanlovida o‘z mukofotlari bilan qatnashadi.

Tanlov g‘oliblari 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kunida taqdirlanadi. Ushbu ijodiy loyihani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Nazokat Usmonova, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz