Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 16:34

Buyuk allomalarga ehtirom ifodasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini Surxondaryo viloyati aholisi katta mamnuniyat bilan kutib oldi.

Mamlakatimiz dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Ajdodlarimiz bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida samarali foydalanish, zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash ishlarini yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi.

– Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangan edi, – deydi Termiz davlat universiteti rektori, professor Mamat Haydarov. – Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mustaqilligimiz me’mori Islom Karimov rahnamoligida buyuk allomalarimizning boy merosini o‘rganish va ul zotlar mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish borasida amalga oshirilgan ezgu ishlarning uzviy davomidir. Yangi markaz faoliyati Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Ayni paytda ta’lim muassasasida termizlik allomalar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish bo‘yicha manbashunoslik kafedrasi tashkil etilmoqda. Joriy yilning mart oyida “Buyuk alloma ilmiy-ma’naviy merosi” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda. Ushbu tadbirda mustaqillik yillarida Imom Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarini tadqiq etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinadi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlar bilan keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodni yaqindan tanishtirish muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Yangi tashkil etilayotgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoit yaratiladi. Markaz binosi va uning kutubxonasi qurilib, zarur moddiy-texnik baza va infratuzilma shakllantiriladi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga alohida ahamiyat beriladi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, mutasaddi tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berganidan behad mamnun bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili Ergashali Rustamov. – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroridan boshimiz ko‘kka yetdi. Zero, buyuk ajdodimiz Imom Termiziy islom madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ulug‘ muhaddis asarlarida o‘z ifodasini topgan vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ezgulik kabi g‘oyalar asrlar davomida insonlarni osuda, obod turmush va go‘zal axloqqa da’vat etib kelayotgani buning yorqin isbotidir. Allomaning istiqlol yillari nashr etilgan mashhur “Ash-Shamoil an-Nabaviyya”, “Sunan at-Termiziy” asarlaridan yurtdoshlarimiz ma’naviy bahra olmoqda. Markazning tashkil etilishi yurtimizda yashab o‘tgan Imom Termiziy va boshqa buyuk zotlar hayotini, ilmiy-ma’naviy merosini yanada chuqurroq o‘rganib, keng jamoatchilikka yetkazish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Mamlakatimizda, xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar, buyuk mutafakkirlarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlari nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni to‘plash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun keng yo‘l ochadi.

Bularning barchasi termizlik allomalarning hayoti, avlodlarga qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganib, ularni ommabop, oddiy va ta’sirchan uslubda xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod ongu-shuuriga yetkazishda muhim omil bo‘ladi. Yoshlarda milliy g‘urur va qadriyatlarimizga hurmat hissini, buyuk ajdodlarimizdan faxrlanish tuyg‘usini yanada yuksaltiradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz